

Yoshlar kuni munosabati bilan Farg‘ona davlat universiteti rektori Bahodirjon Shermuhammadovning So‘x tumaniga tashrifi doirasida muhim va samimiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida So‘x pedagogika texnikumi talaba-yoshlari bilan ochiq muloqot tashkil etilib, yoshlarning fikr va tashabbuslari tinglandi.
Tadbirda Sayidbahrom Sayidmusayev ham ishtirok etib, hududda ta’lim sifati, mavjud imkoniyatlar hamda dolzarb muammolar yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Ochiq va konstruktiv ruhda o‘tgan muloqot yoshlarning muammolarini bevosita yetkazish va ularga amaliy yechimlar topishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Uchrashuv yakunida ta’lim tizimini rivojlantirish, ilmiy hamkorlikni kengaytirish hamda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab olindi. Bu esa kelgusida hududda ta’lim sifatini yanada oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Tashrif davomida Bahodirjon Shermuhammadov So‘x pedagogika texnikumida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan ham yaqindan tanishdi.
Universitet ko‘magida texnikumning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, logistika, IT va ingliz tili xonalarida olib borilayotgan ta’mirlash ishlari yakuniy bosqichga yetgani e’tiborga molik.
Mazkur yangilanishlar zamonaviy ta’lim muhitini yaratish, o‘quvchilarga qulay va ilg‘or sharoitlar taqdim etish hamda ularning bilim olish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
So‘x tumanida amalga oshirilayotgan bunday ijobiy o‘zgarishlar hudud yoshlarining kelajagiga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning yaqqol ifodasidir.