

Farg‘ona davlat universitetida “Amir Temur jahon tarixida” mavzusiga bag‘ishlangan V Respublika ilmiy-nazariy konferensiya yuqori saviyada tashkil etildi. Mazkur anjuman tarixiy merosni chuqur o‘rganish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish hamda yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Konferensiyani universitetning Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Yusufjon Axmadaliyev ochib berib, o‘z nutqida Amir Temur shaxsining jahon tarixidagi o‘rni, uning davlat boshqaruvi, harbiy san’ati va bunyodkorlik faoliyati bugungi kunda ham ilmiy jihatdan chuqur o‘rganilishi zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, u konferensiya ishtirokchilariga muvaffaqiyat tilab, ilmiy izlanishlar samaradorligini oshirish muhimligini qayd etdi.

Anjumanga temurshunos olim, professor Bahriddin Usmonov moderatorlik qilib, muhokamalarni yuqori ilmiy saviyada olib borishga hissa qo‘shdi. Uning boshqaruvida o‘tgan sessiyalar mazmunli fikr almashuvlarga boy bo‘ldi.
Konferensiyada respublikamiz hamda xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan olimlar tomonidan Amir Temur va temuriylar davriga oid dolzarb masalalar yuzasidan qator ilmiy ma’ruzalar taqdim etildi. Ma’ruzalarda temuriylar davlati boshqaruv tizimi, diplomatik aloqalar, ilm-fan va madaniyat taraqqiyoti, shuningdek, tarixiy manbalarni zamonaviy yondashuvlar asosida o‘rganish masalalari keng yoritildi.
Tadbir davomida yosh tadqiqotchilar uchun ham alohida imkoniyatlar yaratilib, ular o‘z ilmiy ishlari bilan faol ishtirok etdilar. Bu esa ilmiy avlodlar davomiyligini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Mazkur ilmiy anjuman nafaqat tarix fanining rivojiga hissa qo‘shdi, balki Amir Temur merosini chuqur anglash, uni yoshlar ongiga singdirish va xalqaro ilmiy hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qiluvchi muhim platformaga aylandi.