

Mamlakatimizda yoshlarning bilim va salohiyatini rivojlantirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil davom etmoqda. Jumladan, Prezidentimizning 2024-yil 1-apreldagi PQ-147-sonli qarori ijod maktablari faoliyatini yangi bosqichga olib chiqib, yosh iste’dodlar uchun yanada keng imkoniyatlar yaratdi.
Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Farg‘ona davlat universiteti hamda Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi hamkorligida bilimlar bellashuvi tashkil etildi. Ushbu loyiha ilm-fan va ijodning uzviy bog‘liqligini namoyon etib, o‘quvchilarning intellektual va badiiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilmoqda.
Bellashuv doirasida turli yo‘nalishlarda qiziqarli va raqobatbardosh sinovlar tashkil etildi. Xususan:
7-sinflar o‘rtasida aniq va tabiiy fanlarga qiziquvchi o‘quvchilarni jamlagan “Universitet” olimpiadasi bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirokchilar matematika, fizika, biologiya kabi fanlar bo‘yicha o‘z bilim va mantiqiy fikrlash qobiliyatlarini sinovdan o‘tkazdilar.
8-sinflar o‘rtasida esa so‘z san’atiga oshno, ijodga mehr qo‘ygan yoshlar uchun ijodiy tanlov tashkil etildi. Ushbu bosqichda o‘quvchilar she’riyat, esse va badiiy matnlar orqali o‘z ichki dunyosi, tasavvuri va ijodiy qarashlarini namoyon etdilar.
Bellashuvlar davomida o‘quvchilarning faolligi, izlanuvchanligi va g‘alabaga bo‘lgan intilishi alohida e’tiborga loyiq bo‘ldi. Har bir ishtirokchi o‘z iqtidorini namoyish etish orqali nafaqat bellashuvda, balki kelajakdagi ilmiy va ijodiy faoliyatida ham mustahkam poydevor yaratmoqda.
Ayni paytda natijalar sarhisob qilinmoqda. Bilimi, iste’dodi va intilishi bilan tengdoshlari orasida ajralib turgan g‘oliblar ro‘yxati yaqin kunlarda e’lon qilinadi.
Mazkur hamkorlik loyihasi ta’lim va ijod uyg‘unligining yorqin namunasi bo‘lib, yosh avlodni qo‘llab-quvvatlash, ularni katta marralar sari ruhlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.