Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 506
  • Ko`rib chiqilganlar 472
    • Takliflar 61
    • Arizalar 395
    • Shikoyatlar 50
  • Ko`rib chiqilmoqda 34

FARDUDA AMIR TEMUR TAVALLUDINING 690 YILLIGI KENG NISHONLANDI

12:50, 04.04.2026      

Farg‘ona davlat universitetida 9-aprel — buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan harbiy ta’lim fakultetida ko‘tarinki ruhda harbiy-sport musobaqalari tashkil etildi. Mazkur tadbir yoshlar qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash, ularni jismoniy va ma’naviy jihatdan barkamol etib tarbiyalashga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Tadbir tantanali ochilish marosimi bilan boshlandi. Unda davlat bayrog‘i ko‘tarilib, madhiyamiz yangradi. Bu jarayon ishtirokchilarga o‘zgacha ruh va mas’uliyat bag‘ishladi.

Dastur davomida Amir Temur siymosiga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishlari namoyish etilib, Sohibqironning jasorati, donoligi va buyuk merosi badiiy ifoda orqali yoritildi. Ushbu chiqishlar tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.

Shuningdek, talaba-kursantlar tomonidan qo‘l jangi elementlari, taktik harbiy chiqishlar namoyish etildi. Harbiylashtirilgan estafeta, sport musobaqalari, arqon tortish va turli kuch sinovlari esa ishtirokchilarning jismoniy tayyorgarligi, chaqqonligi va jamoaviy hamjihatligini sinovdan o‘tkazdi.

Tadbirning eng zamonaviy va diqqatga sazovor qismi maxsus ssenariy asosida tashkil etilgan dron-shou bo‘ldi. Innovatsion texnologiyalar yordamida yaratilgan ushbu tomosha bayramga yanada ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Musobaqalar yakunida eng faol va yuqori natija ko‘rsatgan jamoalar hamda ishtirokchilar aniqlanib, tantanali ravishda taqdirlandi. Buyuk Sohibqiron avlodlari bo‘lgan talaba-kursantlar o‘z mahoratlari bilan faxrli o‘rinlarni egallab, yuksak e’tirofga sazovor bo‘ldilar.

Mazkur tadbir nafaqat sport bellashuvi, balki Amir Temur merosini ulug‘lash, yoshlar ongida vatanparvarlik, jasorat va sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlovchi muhim ma’naviy-ma’rifiy platforma sifatida alohida ahamiyat kasb etdi.