Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 506
  • Ko`rib chiqilganlar 472
    • Takliflar 61
    • Arizalar 395
    • Shikoyatlar 50
  • Ko`rib chiqilmoqda 34

“TALABALAR LIGASI”: FARDU JAMOALARI IKKI YO‘NALISHDA HAM MUTLAQ G‘ALABAGA ERISHDI

14:06, 06.04.2026      

Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Talabalar ligasi” musobaqalarining hududiy bosqichi voleybol bahslari bilan yanada qizg‘in tus oldi. Musobaqalar Farg‘ona davlat universiteti sport-sog‘lomlashtirish majmuasining voleybol zalida yuqori saviyada tashkil etilib, keskin va murosasiz bahslarga boy tarzda o‘tdi.

Turnir davomida ishtirokchi jamoalar o‘zaro kuch sinashib, nafaqat jismoniy tayyorgarlik, balki jamoaviy hamjihatlik, tezkorlik va strategik fikrlash borasida ham o‘z mahoratlarini namoyon etdilar. Har bir uchrashuv tomoshabinlar uchun haqiqiy sport bayramiga aylandi.

Musobaqaning o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bahslarida Farg‘ona davlat universiteti terma jamoasi barcha raqiblarini ortda qoldirib, ishonchli tarzda 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ular o‘zining uyg‘un o‘yini va yuqori tayyorgarligi bilan ajralib turib, Respublika final bosqichiga yo‘llanmani naqd qildilar. Ushbu yo‘nalishda Qo‘qon davlat universiteti ikkinchi, Farg‘ona davlat texnika universiteti esa uchinchi o‘rinni egalladi.

Qizlar o‘rtasidagi bellashuvlar ham shiddatli va murosasiz kechdi. E’tiborlisi, bu yo‘nalishda ham Farg‘ona davlat universiteti jamoasi yuqori natija ko‘rsatib, faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ular o‘zining jipsligi va texnik mahorati bilan boshqa jamoalardan ustun keldi hamda Respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin Farg‘ona texnika universitetiga nasib etgan bo‘lsa, Qo‘qon davlat pedagogika instituti uchinchi pog‘onadan joy oldi.

Ikki yo‘nalishda ham qo‘lga kiritilgan ushbu yuksak natijalar Farg‘ona davlat universitetida sportga berilayotgan e’tibor, yaratilgan zamonaviy sharoitlar va yoshlarning salohiyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi tizimli ishlarning amaliy natijasi ekanini yana bir bor tasdiqladi.

Mazkur musobaqalar talaba-yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularni sportga keng jalb etish hamda iqtidorli sportchilarni kashf etishda muhim platforma bo‘lib xizmat qilmoqda. Endi esa barcha nigohlar Respublika bosqichiga qaratilgan — FarDU jamoalaridan yana bir yorqin g‘alaba kutilmoqda.