Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 506
  • Ko`rib chiqilganlar 472
    • Takliflar 61
    • Arizalar 395
    • Shikoyatlar 50
  • Ko`rib chiqilmoqda 34

RISHTONGA MA’RIFIY SAYOHAT: MILLIY HUNARMANDCHILIK VA QADRIYATLAR BILAN YUZMA-YUZ

14:23, 06.04.2026      

Farg‘ona davlat universitetining fizika-matematika va tabiiy fanlar fakultetining 100 nafardan ziyod talabalari uchun unutilmas ma’rifiy sayohat tashkil etildi. Ular milliy qadriyatlarimiz va xalq amaliy san’atining noyob an’analari mujassam bo‘lgan Rishton tumanida joylashgan Hunarmandlar markaziga tashrif buyurdilar.

Sayohat davomida talabalar dunyoga mashhur Rishton kulolchilik maktabining betakror san’ati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar. Ustalar tomonidan yaratilayotgan sopol buyumlar, ulardagi nafis naqshlar, moviy ranglarning betakror jilosi hamda milliy bezaklar har bir ishtirokchida chuqur hayrat va iliq taassurot uyg‘otdi. Asrlar davomida sayqallanib kelayotgan hunarmandchilik an’analari yoshlar ongida milliy merosimizga nisbatan faxr tuyg‘usini yanada mustahkamladi.

Mazkur tashrif nafaqat amaliy san’at bilan tanishish, balki talabalar uchun tarixiy va madaniy bilimlarini boyitish, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash ruhida tarbiyalanishlari uchun muhim ahamiyat kasb etdi. Ayniqsa, ustalarning mehnati, sabr-toqati va nozik didi yoshlar uchun ibrat maktabiga aylandi.

Sayohat davomida talabalar uchun tashkil etilgan tushlik dasturxoni esa ushbu kunning eng samimiy lahzalaridan biri bo‘ldi. Mehmondo‘stlik ruhida yozilgan dasturxon atrofida jam bo‘lgan yoshlar kun davomida olgan taassurotlari bilan o‘rtoqlashib, iliq suhbatlar qurishdi. Bu jarayon nafaqat maroqli hordiq, balki talabalar o‘rtasida ahillik, samimiylik va jamoaviy ruhni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

Umuman olganda, mazkur ma’rifiy sayohat talabalarda yurtimiz tarixi, boy madaniyati va milliy qadriyatlariga bo‘lgan hurmatni oshirish bilan birga, ularga unutilmas taassurotlar ulashdi. Bunday tashabbuslar yosh avlodni har tomonlama barkamol etib tarbiyalashda muhim o‘rin tutadi.