

Farg‘ona davlat universitetida yoshlarga oid davlat siyosatini izchil amalga oshirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda ma’naviy dunyosini boyitish yo‘lida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Universitetda muntazam ravishda uchrashuvlar, tanlovlar, sport musobaqalari va davra suhbatlari tashkil etilib, talaba-yoshlarning har tomonlama rivojlanishi ta’minlanmoqda.
Ayniqsa, faol va iqtidorli talabalarni rag‘batlantirish maqsadida yurtimizning tarixiy va betakror maskanlariga bepul sayohatlar uyushtirish ezgu an’anaga aylangan. Avvalgi sayohatlar davomida yoshlar Rishtonning noyob kulolchilik san’ati, Marg‘ilonning qadimiy hunarmandchiligi hamda Qo‘qonning boy tarixiy merosi bilan yaqindan tanishib, milliy qadriyatlarga bo‘lgan hurmatlarini yanada mustahkamlashdi.

Ana shunday tashabbuslarning mantiqiy davomi sifatida universitetning 60 nafar talaba-yoshlari uchun buyuk tarix va madaniyat beshigi bo‘lgan Samarqand shahriga 3 kunlik ma’rifiy sayohat tashkil etildi. Ushbu safar davomida talabalar qadimiy obidalar, ulug‘ ajdodlar merosi hamda zamonaviy bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lmoqdalar.
Xususan, talaba-yoshlar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan yangicha qiyofa kasb etgan Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilib, bu maskanning tarixiy va ma’naviy ahamiyati haqida boy tasavvurga ega bo‘lmoqdalar.
Bunday sayohatlar nafaqat bilim va taassurotlar manbai, balki yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish, ularni milliy o‘zlikni anglash, tarix va madaniyatga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim o‘rin tutadi. Safar davomida talabalar o‘zaro fikr almashib, yangi do‘stlik rishtalarini mustahkamlab, unutilmas xotiralar jamg‘armoqda.