

Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi tarkibidagi Muhammad Fuzuliy nomidagi Qo‘lyozmalar instituti ilmiy xodimi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Leyla Karimova tomonidan filologiya fakulteti o‘zbek tili yo‘nalishi talabalariga maxsus dars mashg‘ulotlari olib borilmoqda.
Mazkur tashrif O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ilmiy, madaniy va ma’rifiy aloqalarning tobora mustahkamlanib borayotganining yaqqol ifodasidir. Ayniqsa, filologiya sohasida ikki qardosh xalqning til, adabiyot va qo‘lyozma merosini o‘rganish, tadqiq etish va targ‘ib qilish borasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Dars jarayonlari davomida Leyla Karimova talabalarga qo‘lyozmalarni o‘rganish metodikasi, matnshunoslik asoslari, qadimiy manbalarni tahlil qilish usullari haqida chuqur va amaliy bilimlar bermoqda. Shuningdek, u Ozarbayjon ilmiy maktabining tajribasi, zamonaviy filologik tadqiqotlar yo‘nalishlari hamda xalqaro ilmiy hamkorlikning ahamiyati haqida ham qimmatli ma’lumotlar ulashmoqda.
Talabalar uchun bu mashg‘ulotlar nafaqat nazariy bilimlarni boyitish, balki xorijiy ilmiy tajriba bilan tanishish, ilmiy dunyoqarashni kengaytirish va kelajakdagi tadqiqot faoliyatiga mustahkam zamin yaratish imkonini bermoqda.
Shu bilan birga, bunday uchrashuv va darslar talaba-yoshlar o‘rtasida xalqaro muloqotni rivojlantirish, madaniyatlararo tushunishni mustahkamlash hamda ilm-fan orqali do‘stona aloqalarni yanada kengaytirishda muhim o‘rin tutadi.
Bugungi kunda oliy ta’lim muassasalarida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, xorijiy mutaxassislarni jalb etish orqali ta’lim sifatini oshirish ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. Ushbu tashabbus ham aynan shu maqsad yo‘lida amalga oshirilayotgan muhim qadamlardan biridir.