Farg‘ona davlat universitetida akademik mobillik dasturi doirasida xalqaro hamkorlikning muhim va samarali yo‘nalishlaridan biri muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
2026-yil 24-martdan 4-aprelga qadar Qozog‘iston Respublikasining E.A. Buketov nomidagi Karaganda milliy tadqiqotlar universitetidan tashrif buyurgan 6 nafar magistrant Farg‘ona davlat universitetning Amaliy matematika va informatika hamda Axborot texnologiyalari kafedralarida o‘z ilmiy yo‘nalishlari doirasida tadqiqot faoliyatini olib bordilar.
Stajirovka davomida magistrantlar o‘z ilmiy yo‘nalishlari bo‘yicha tadqiqot ishlarini olib bordilar, universitetning zamonaviy ilmiy muhitidan samarali foydalandilar hamda professor-o‘qituvchilar bilan ilmiy tajriba almashish, yangi yondashuvlar va tadqiqot metodologiyalarini muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Bu jarayon ularning ilmiy salohiyatini yanada oshirishga xizmat qildi.
Dastur yakunida ishtirokchilarga rasmiy sertifikatlar topshirildi, bu esa ularning Farg‘ona davlat universitetida olib borgan ilmiy faoliyati va erishgan natijalarini tasdiqlovchi muhim hujjat sifatida e’tirof etildi.
Ushbu hamkorlik O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stona aloqalarning, xususan, mazkur ikki universitet o‘rtasidagi ilmiy va akademik hamkorlikning izchil rivojlanishiga xizmat qiluvchi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.
