Farg‘ona davlat universitetida ta’lim sifatini xalqaro darajaga olib chiqish yo‘lida muhim bosqichlardan biri – Germaniyaning nufuzli ASIIN xalqaro akkreditatsiya agentligi ekspertlari ishtirokidagi akkreditatsiya jarayonlari boshlandi.
Mazkur tashrif doirasida uch kun davomida universitetning fizika va matematika ta’lim yo‘nalishlari hamda mutaxassisliklari chuqur o‘rganilib, ularning xalqaro standartlarga mosligi baholanmoqda. Ekspertlar tomonidan o‘quv dasturlari, ilmiy faoliyat, professor-o‘qituvchilar salohiyati hamda moddiy-texnik baza atroflicha tahlil qilinmoqda.
Tashrif davomida mehmonlar universitetning boy tarixini o‘zida aks ettirgan “Qatag‘on qurbonlari” muzeyiga ham tashrif buyurishdi. Muzeyda taqdim etilgan eksponatlar orqali ular nafaqat oliygohning qariyb 100 yillik faoliyati, balki yurtimiz tarixining muhim sahifalari bilan yaqindan tanishdilar. Ekspertlar muzey faoliyatini yuqori baholab, maxsus mehmonlar daftarida o‘z iliq fikr va taassurotlarini qoldirdilar.
Shuningdek, xalqaro delegatsiya O‘zbekiston-Xitoy arxeologik qo‘shma kafedrasi huzurida faoliyat yuritayotgan “Farg‘ona — Loyang tadqiqotlar markazi” bilan ham yaqindan tanishdi. Markazdagi noyob eksponatlar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Jumladan, qadimiy qo‘lyozmalar, nodir asarlar, tarixiy sopol buyumlar parchalari hamda madaniy qatlamlarni aks ettiruvchi tosh topilmalar alohida e’tibor markazida bo‘ldi.
Tashrif yakunida ekspertlar universitetning ilmiy-tadqiqot salohiyati, ayniqsa arxeologik izlanishlar darajasi xalqaro talablarga mos kelishini alohida ta’kidladilar. Bu esa FarDUning global ta’lim maydonidagi o‘rnini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur akkreditatsiya jarayonlari universitetda ta’lim sifatini oshirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va talabalar uchun yanada keng imkoniyatlar yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.