

Farg‘ona davlat universitetida #Yoshlar_kuni hamda #Amir_Temur 690 munosabati bilan “Rektor kubogi” doirasida milliy o‘yinlar va etnosport festivali yuqori saviyada tashkil etildi. Tadbir yoshlarda milliy qadriyatlarga hurmatni oshirish, ularni sog‘lom turmush tarziga jalb etish va boy an’analarimizni keng targ‘ib qilishga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etdi.

Festivalni universitet rektori Bahodirjon Shermuhammadov ochib berar ekan, globallashuv sharoitida milliy merosimizni asrab-avaylash va uni kelajak avlodga yetkazish har bir yoshning muhim vazifasi ekanini ta’kidladi. U etnosport nafaqat jismoniy chiniqish, balki milliy o‘zlikni anglash va tarixiy ildizlarga hurmatni shakllantirishda muhim o‘rin tutishini qayd etdi.
Musobaqalar rang-barang va qiziqarli bellashuvlarga boy bo‘ldi. Ishtirokchilar o‘z mahoratlarini quyidagi yo‘nalishlarda sinovdan o‘tkazdilar:
— belbog‘li kurash va arqon tortish;
— tosh ko‘tarish va lanka tepish;
— kamondan o‘q otish;
— xo‘rozlar jangi va varrak uchirish.
Har bir yo‘nalish o‘ziga xos milliy ruh va qadriyatlarni aks ettirib, tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ayniqsa, belbog‘li kurash va kamondan o‘q otish bahslari keskin va murosasiz kechib, eng kuchli va chaqqon ishtirokchilarni aniqlab berdi.
Tadbir davomida milliy kuy-qo‘shiqlar, sahna chiqishlari va bayramona muhit yoshlar kayfiyatini yanada ko‘tardi. Talabalar o‘z jamoalari uchun faol muxlislik qilib, sport bayramiga o‘zgacha shukuh bag‘ishladilar.
“Rektor kubogi” doirasida o‘tkazilgan etnosport festivali nafaqat sport musobaqasi, balki milliy an’analarimizni jonlantiruvchi, yoshlarni birlashtiruvchi va ularni jismonan hamda ma’nan chiniqtiruvchi muhim madaniy tadbir sifatida yuksak baholandi.