
Farg‘ona davlat universitetida #Amir_Temur690 munosabati bilan Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar keng ko‘lamda davom etmoqda. Ana shunday muhim loyihalardan biri sifatida talaba-yoshlar o‘rtasida “Tafakkur” intellektual bilimlar tanlovi tashkil etildi.
Mazkur tanlov buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temurning bebaho merosi — Temur tuzuklari asari asosida o‘tkazilib, yoshlarning tarixiy bilimlarini mustahkamlash, tafakkurini rivojlantirish hamda milliy qadriyatlarga bo‘lgan hurmatini oshirishga xizmat qildi.

Tanlov ikki bosqichda tashkil etilib, unda 1500 nafardan ortiq talaba-yoshlar faol ishtirok etdi. Ishtirokchilar o‘z bilim va zakovatlarini sinovdan o‘tkazib, asardagi g‘oyalar, tarixiy voqealar hamda Amir Temur shaxsiyati bilan bog‘liq savollarga javob berdilar. Bellashuvlar keskin va qiziqarli ruhda kechib, eng bilimdon jamoalar saralab olindi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra:
1-o‘rin — tarix fakulteti
2-o‘rin — filologiya fakulteti
3-o‘rin — chet tillari fakulteti
Tanlov davomida nafaqat bilimlar sinovi, balki yoshlarning jamoaviy ishlash ko‘nikmalari, tezkor fikrlash qobiliyati va liderlik salohiyati ham namoyon bo‘ldi.
“Tafakkur” intellektual tanlovi talaba-yoshlarni buyuk ajdodlarimiz merosini chuqur o‘rganishga undash, ularning ma’naviy dunyosini boyitish hamda tarixiy xotirani asrash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.