
Farg‘ona davlat universiteti futbol maydonida Pro-liganing 2-tur uchrashuvi doirasida “FarDU” jamoasi Qoraqalpoq davlat universitetining “QMU Jayxun” jamoasini qabul qildi. Uchrashuv oldidan o‘tkazilgan rasmiy ochilish marosimi tantanali ruhda tashkil etilib, sport bayramiga xos muhit yaratildi.
Ochilish marosimida so‘zga chiqqan “FarDU” futbol klubi prezidenti Bahodirjon Shermuhammadov mamlakatimizda sport sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor, keng ko‘lamli islohotlar samarasi o‘laroq oliy ta’lim muassasalari jamoalari ham professional ligalarda faol ishtirok etayotganini ta’kidladi. U har ikki jamoaga omad tilab, uchrashuv halol va murosasiz kurashlar ostida o‘tishiga ishonch bildirdi.

O‘yin boshidan “FarDU” jamoasi tashabbusni o‘z qo‘liga oldi va tezkor hujumlar orqali raqib darvozasiga bosim o‘tkazdi. Uchrashuvning 11-daqiqasida Nodirbek Karimov hisobni ochib, jamoasini oldinga olib chiqdi. Ikkinchi bo‘limda esa ustunlik yanada mustahkamlandi — 51-daqiqada Murodjon Komilov penaltidan unumli foydalanib, hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi.
O‘yinning so‘nggi daqiqalari esa haqiqiy dramatik va samarali yakun bilan esda qoldi. 90+1-daqiqada Sanjarbek Zokirov, 90+4-daqiqada esa Rizo Ayvazov tomonidan kiritilgan gollar “FarDU”ning ustunligini yanada mustahkamladi va yakunda uchrashuv 4:0 hisobida mezbonlar foydasiga hal bo‘ldi.
Mazkur g‘alaba “FarDU” jamoasining Pro-ligadagi imkoniyatlari yuqori ekanini yana bir bor namoyon etdi. Uchrashuv davomida stadionga tashrif buyurgan muxlislar faol qo‘llab-quvvatlab, jamoaga ruhiy ko‘mak berib turdilar. Maydondagi sog‘lom raqobat, jamoaviy o‘yin va sportga xos do‘stona muhit barchaga manzur bo‘ldi.
Ta’kidlash joizki, bunday uchrashuvlar talaba-yoshlarni sportga keng jalb etish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida sport aloqalarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.