
Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan nufuzli xalqaro ko‘rgazmada Farg‘ona davlat universiteti olimlari o‘zlarining ilmiy izlanishlari natijasida yaratilgan innovatsion mahsulotlari bilan faol ishtirok etmoqda. Mazkur ko‘rgazma ilm-fan, ishlab chiqarish va innovatsiyalar integratsiyasini kuchaytirish, mahalliy ishlanmalarni xalqaro maydonga olib chiqishda muhim platforma vazifasini bajarmoqda.

Universitet olimlari tomonidan taqdim etilayotgan mahsulotlar orasida, avvalo, yuqori sifat va foydali xususiyatlari bilan ajralib turadigan uzum urug‘i yog‘i alohida e’tibor qozonmoqda. Ushbu mahsulot tabiiyligi, ekologik tozaligi hamda inson salomatligi uchun foydali komponentlarga boyligi bilan ajralib turadi. Mutaxassislar uning oziq-ovqat sanoati, kosmetologiya va farmatsevtika sohalarida keng qo‘llash imkoniyatlarini yuqori baholamoqda.
Shuningdek, “Cho‘l jensheni” nomi bilan mashhur bo‘lgan Cistanche mongolica o‘simligi asosida tayyorlangan choy ham ko‘rgazma ishtirokchilarining katta qiziqishiga sabab bo‘lmoqda. Mazkur ichimlik immun tizimini mustahkamlash, organizmning umumiy quvvatini oshirish va sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash xususiyatlari bilan ajralib turadi. Ayniqsa, xorijiy farmatsevtika hamda oziq-ovqat sanoati vakillari tomonidan ushbu mahsulotga katta qiziqish bildirilayotgani uning eksport salohiyati yuqori ekanini ko‘rsatadi.
Ta’kidlash joizki, bunday innovatsion ishlanmalar Farg‘ona davlat universitetida ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, amaliy natijalarga erishish hamda ilm-fanni iqtisodiyot bilan integratsiya qilish yo‘lida olib borilayotgan izchil islohotlarning yaqqol ifodasidir.
Mazkur ko‘rgazmada FarDU olimlarining faol ishtiroki nafaqat universitet nufuzini oshirmoqda, balki milliy innovatsion mahsulotlarning xalqaro maydonda tan olinishi va yangi hamkorlik aloqalarining yo‘lga qo‘yilishiga ham xizmat qilmoqda.