

Farg‘ona davlat universitetida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Kitobxonlik haftaligi”ning ochilish marosimi yuqori saviyada tashkil etildi. Mazkur tadbir oliy ta’lim muassasasida kitobga bo‘lgan qiziqishni oshirish, talaba-yoshlar o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy muhitni yanada mustahkamlash hamda intellektual salohiyatni rivojlantirishga xizmat qilishi bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Tadbirda universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, talabalar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etib, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, yosh avlodni mustaqil fikrlashga undash va ilmga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida fikr almashdilar.


Ochilish marosimi doirasida ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan taqdimot ham bo‘lib o‘tdi. Universitet Gender tengligi va tadqiqotlar markazi rahbari Turg‘unoy Egamberdiyeva hamda Zulfiyaxon Xolmatova hamkorligida tayyorlangan “Boshlang‘ich sinflarda gender tarbiyani shakllantirish” nomli ilmiy-metodik qo‘llanma taqdimoti ishtirokchilarga taqdim etildi. Mazkur kitob ta’lim jarayonida gender tenglik tamoyillarini shakllantirish, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida to‘g‘ri tarbiya va ijtimoiy qarashlarni rivojlantirishga qaratilgani bilan dolzarb ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
Taqdimot davomida mutaxassislar tomonidan kitobning mazmun-mohiyati, uning ta’lim tizimidagi o‘rni hamda amaliy ahamiyati yuzasidan atroflicha fikrlar bildirildi. Ishtirokchilar ushbu asar kelgusida o‘qituvchilar uchun muhim metodik manba bo‘lib xizmat qilishini alohida qayd etdilar.
“Kitobxonlik haftaligi” doirasida o‘tkazilayotgan bunday tadbirlar universitetda kitobxonlik madaniyatini yanada rivojlantirish, yoshlarni ilmga oshno etish va ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalashga xizmat qilishi bilan katta ahamiyatga ega.