

Farg‘ona davlat universitetida ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda universitet rektori Bahodirjon Shermuhammadov hamda Kamondan otish federatsiyasi bo‘limi boshlig‘i Shavkat Akbarov ishtirok etib, o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur hamkorlik ta’lim va sport integratsiyasini mustahkamlash, talaba-yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish hamda kamondan otish sport turini rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Yig‘ilish davomida universitet rektori Bahodirjon Shermuhammadov Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan video-selektor yig‘ilishida jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish bo‘yicha belgilab berilgan ustuvor vazifalarga alohida to‘xtaldi. Shuningdek, kamondan o‘q otish sport turining boy tarixiy ildizlari, milliy merosimizdagi o‘rni va bugungi kundagi rivojlanish istiqbollari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Memorandum doirasida bir qator muhim yo‘nalishlar belgilab olindi. Jumladan, universitet sport inshootlaridan samarali foydalanish, talaba-yoshlar uchun yangi sport to‘garaklarini tashkil etish, tajribali mutaxassislar ishtirokida mahorat darslarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Bu esa talabalarning sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularning jismoniy va ma’naviy rivojiga xizmat qiladi.
Ta’kidlash joizki, bunday hamkorlik tashabbuslari yoshlar o‘rtasida sportni ommalashtirish, iqtidorli sportchilarni kashf etish hamda ularni professional darajaga olib chiqishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.