
Farg‘ona davlat universiteti professor-o‘qituvchilaridan iborat delegatsiya ayni kunlarda Qozog‘iston Respublikasining nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — M. Auvezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universitetida xizmat safarida bo‘lib turibdi. Mazkur tashrif xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashish va ta’lim sifatini yanada oshirishga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Xizmat safari doirasida universitetimiz vakillari tomonidan talabalar uchun zamonaviy yondashuvlarga asoslangan mashg‘ulotlar olib borilmoqda. Shuningdek, professor-o‘qituvchilar uchun seminar-treninglar tashkil etilib, unda ilg‘or pedagogik texnologiyalar, ilmiy tadqiqot metodlari va innovatsion ta’lim tizimlari yuzasidan tajriba almashilmoqda.
Muzokaralar jarayonida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida akademik almashinuv dasturlarini kengaytirish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, ta’lim eksportini rivojlantirish hamda investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishish rejalashtirilgan.
Mazkur tashrif Farg‘ona davlat universitetining xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, global ta’lim makoniga integratsiyalashuvini jadallashtirish hamda talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratishda muhim qadam bo‘lib xizmat qilmoqda.