

Farg‘ona davlat universitetining bir guruh professor-o‘qituvchilari ilmiy salohiyatni oshirish va zamonaviy ta’lim yondashuvlarini o‘zlashtirish maqsadida Qozog‘iston Respublikasida xizmat safarida bo‘lib turibdi. Ular dunyo universitetlari reytingida yuqori o‘rinlarni egallab kelayotgan Muxtor Auezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universitetida tashkil etilgan 144 soatlik xorijiy malaka oshirish kursida faol ishtirok etmoqda.
Mazkur dastur doirasida ishtirokchilar uchun xalqaro standartlarga mos ravishda ishlab chiqilgan o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilgan bo‘lib, unda zamonaviy pedagogik texnologiyalar, innovatsion ta’lim metodlari, ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish hamda raqamli ta’lim muhitini samarali boshqarish kabi dolzarb mavzular qamrab olingan.

Mashg‘ulotlar yuqori malakali, xalqaro tajribaga ega bo‘lgan professor-o‘qituvchilar tomonidan olib borilayotgani tinglovchilarga nazariy bilimlar bilan bir qatorda amaliy ko‘nikmalarni ham mustahkamlash imkonini bermoqda. Interaktiv darslar, ochiq muloqotlar va tajriba almashish jarayonlari orqali FarDU vakillari o‘z bilim va salohiyatini yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Shuningdek, malaka oshirish dasturi davomida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida ilmiy hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma loyihalar tashkil etish hamda akademik almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ham muhim kelishuvlarga erishilishi kutilmoqda.
Ushbu xalqaro malaka oshirish kursi Farg‘ona davlat universitetida ta’lim sifatini yanada yuksaltirish, ilg‘or tajribalarni joriy etish hamda professor-o‘qituvchilarning kasbiy rivojlanishida muhim qadam bo‘ldi.