Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 514
  • Ko`rib chiqilganlar 481
    • Takliflar 61
    • Arizalar 402
    • Shikoyatlar 51
  • Ko`rib chiqilmoqda 33

FARDU OLIMLARIDAN MUHIM KASHFIYOT: ZARAFSHON HAVZASIDA YANGI BALIQ TURI

09:02, 25.04.2026      

Fargʻona davlat universiteti (FarDU) tayanch doktorantlari tomonidan olib borilgan ilmiy izlanishlar yana bir muhim natija bilan boyidi. Ixtiologiya yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan yosh tadqiqotchilar Sharofiddin Xalimov, Murodjon Raxmonov va Obbosxon Azamov Zarafshon havzasi hududi uchun ilgari qayd etilmagan baliq turini aniqlashga muvaffaq bo‘lishdi.

Tadqiqotlar natijasida aniqlangan baliq turi — Triplophysa strauchii bo‘lib, u ilgari ushbu hududda uchramagan. Eng e’tiborga molik jihati shundaki, bu kashfiyot zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida, ya’ni:

  • morfologik (tashqi tuzilish),
  • molekulyar (DNK tahlillari),
  • hamda statistik (PCA — asosiy komponentlar tahlili)

usullari orqali to‘liq tasdiqlangan.

Bu esa tadqiqotning yuqori aniqlik va ishonchlilik darajasini ko‘rsatadi.

Olimlar ushbu turning nafaqat mavjudligini aniqlashdi, balki uning geografik tarqalishiga doir muhim yangilikni ham ilgari surishdi. Xususan, Triplophysa strauchii uchun eng g‘arbiy tarqalish nuqtasi aynan Zarafshon havzasida qayd etildi.

Bundan tashqari, tadqiqotchilar turning bu hududga kelib qolishi Sirdaryo havzasi bilan bog‘liq emasligi, balki boshqa, ilgari noma’lum bo‘lgan migratsiya yo‘li orqali yuz bergan bo‘lishi mumkinligini ta’kidlashmoqda. Bu esa mintaqa gidroekologiyasi va biologik xilma-xilligini o‘rganishda yangi ilmiy savollarni keltirib chiqaradi.

Mazkur ilmiy ish natijalari xalqaro miqyosda ham e’tirof etildi. Tadqiqot Braziliyada chop etiladigan, Scopus bazasida indeksatsiyalangan nufuzli Check List jurnalida (Q3 toifa) e’lon qilindi. Bu esa FarDU olimlarining ilmiy salohiyati va global ilm-fanga qo‘shayotgan hissasini yana bir bor tasdiqlaydi.

Ushbu kashfiyot nafaqat O‘zbekiston ixtiologiya fanida, balki butun Markaziy Osiyo bioxilma-xilligini o‘rganishda muhim qadam hisoblanadi. Yangi tur va uning tarqalish mexanizmlarini o‘rganish kelgusida ekologik muvozanatni saqlash hamda suv havzalarini muhofaza qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ilm yo‘lida izlanayotgan yosh olimlarimizdan esa hali yana ko‘plab kashfiyotlar kutish mumkin.