

Fargʻona davlat universiteti jamoasi tomonidan hududlarda olib borilayotgan targ‘ibot ishlari yoshlarni oliy ta’limga keng jalb etish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu tashabbuslar O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgan.
Aprel–may oylarida Fargʻona viloyatining barcha tuman va shaharlarida tashkil etilayotgan targ‘ibot tadbirlari tasdiqlangan reja-grafik asosida izchil amalga oshirilmoqda. Ushbu uchrashuvlar maktab, akademik litsey, kollej va texnikum bitiruvchilarini oliy ta’limga yo‘naltirish, ularning kasbiy tanlovini ongli ravishda amalga oshirishiga ko‘maklashishni maqsad qilgan.
Joylarda o‘tkazilayotgan tadbirlarda FarDU jamoasi barcha ta’lim yo‘nalishlari kesimida tayyorlangan targ‘ibot materiallari, ko‘rgazmalar va axborot vositalari bilan faol ishtirok etmoqda. Talabalik hayoti, mavjud fakultetlar, zamonaviy o‘quv dasturlari va yaratilgan shart-sharoitlar haqida batafsil ma’lumotlar berilmoqda.


Shuningdek, abituriyentlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga bevosita mutaxassislardan javob olish, kelajakdagi kasbini aniqlash va oliy ta’lim muassasasini tanlashda to‘g‘ri qaror qabul qilish imkoniga ega bo‘lmoqda.
Targ‘ibot uchrashuvlari davomida o‘quvchilar bilan ochiq muloqot tashkil etilib, ularning orzu-intilishlari, qiziqishlari va maqsadlari muhokama qilinmoqda. Bu esa nafaqat yoshlarning bilim olishga bo‘lgan motivatsiyasini oshirish, balki ularni kelajak rejalari haqida jiddiy o‘ylashga undaydi.
Mazkur targ‘ibot tadbirlari oliy ta’lim muassasalari va yoshlar o‘rtasida mustahkam ko‘prik vazifasini o‘tamoqda. Ayniqsa, hududlarda tashkil etilayotgan bunday uchrashuvlar orqali iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularni qo‘llab-quvvatlash va sifatli ta’limga jalb etish imkoniyati kengaymoqda.