Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 514
  • Ko`rib chiqilganlar 481
    • Takliflar 61
    • Arizalar 402
    • Shikoyatlar 51
  • Ko`rib chiqilmoqda 33

FARG‘ONA DAVLAT UNIVERSITETIDA GERMANIYA BILAN XALQARO AKADEMIK HAMKORLIK

11:55, 25.04.2026      


Farg‘ona davlat universiteti (FarDU)da xalqaro aloqalarni kengaytirish yo‘lida muhim qadam qo‘yildi. Erasmus+ KA171 dasturi doirasida Germaniyaning Zittau/Görlitz Amaliy fanlar universiteti delegatsiyasi — 11 nafar professor-o‘qituvchi va talabalar — universitetga tashrif buyurdi. Ushbu uchrashuv nafaqat ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, balki madaniy va amaliy tajriba almashinuvini rivojlantirishda ham katta ahamiyat kasb etdi.

Tashrif davomida mehmonlar tomonidan dolzarb mavzularda ekspert ma’ruzalari tashkil etildi. Xususan, “Germaniyada turizm tuzilmasi” va “Smart Destinations” yo‘nalishlaridagi darslar talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun katta qiziqish uyg‘otdi. Ushbu mashg‘ulotlar orqali ishtirokchilar Yevropa tajribasi, raqamli texnologiyalar asosidagi turizm boshqaruvi va innovatsion yondashuvlar haqida chuqur bilimga ega bo‘lishdi.

Hamkorlik doirasida tashkil etilgan Summer School (Yozgi maktab) loyihasi alohida e’tiborga loyiq bo‘ldi. FarDU Chet tillari fakulteti talabalari va germaniyalik yoshlar o‘rtasida jonli muloqot yo‘lga qo‘yilib, til o‘rganish, madaniyatlararo almashinuv va yangi do‘stlik rishtalari mustahkamlandi. Interaktiv darslar va jamoaviy loyihalar orqali talabalar o‘z bilim va ko‘nikmalarini amaliy jihatdan sinovdan o‘tkazish imkoniga ega bo‘lishdi.

Delegatsiya a’zolari universitet infratuzilmasi bilan yaqindan tanishib, FarDU kampusi, Iqtisodiyot fakulteti faoliyati bilan tanishdilar. Shuningdek, ular Marg‘ilon shahriga tashrif buyurib, ipakchilik va hunarmandchilik markazlarida bo‘lishdi. Bu tashrif Germaniya mehmonlariga O‘zbekistonning boy tarixiy merosi va an’anaviy sanoati haqida bevosita tasavvur berdi.

Mazkur tashrif ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma ilmiy loyihalar, akademik almashinuv dasturlari va innovatsion tashabbuslarni kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratdi.