

Talabalar ijodiy salohiyatini namoyon etuvchi nufuzli tanlovlardan biri — talabalar teatr studiyalari o‘rtasidagi festivalning 3-mintaqaviy bosqichi 2026-yil 21-aprel kuni Andijon viloyati musiqali drama teatri sahnasida yuqori saviyada bo‘lib o‘tdi. Mazkur madaniy tadbir turli oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida sog‘lom ijodiy raqobat muhitini yaratdi.
Festivalda Chirchiq davlat pedagogika universiteti, Namangan davlat pedagogika instituti, Farg‘ona davlat universiteti hamda Toshkent davlat agrar universiteti teatr jamoalari o‘z chiqishlari bilan ishtirok etdilar. Har bir jamoa sahnaga o‘ziga xos yondashuv, ijodiy izlanish va badiiy mahorat bilan chiqib, tomoshabinlar va hakamlar hay’ati e’tiborini qozonishga harakat qildi.
Tanlov davomida FarDU teatr jamoasi tomonidan sahnalashtirilgan “Sen yetim emassan” spektakli alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Asar chuqur ijtimoiy mazmuni, insoniylik, mehr-oqibat va jamiyatdagi muhim qadriyatlarni yoritib berishi bilan ajralib turdi. Talabalar aktyorlik mahorati, sahna madaniyati va obrazlarga kirib borishdagi ishonchli ijrosi orqali tomoshabinlarda kuchli taassurot qoldirdi.
Tanlov yakunlariga ko‘ra, Farg‘ona davlat universiteti teatr jamoasi faxrli 1-o‘rinni egallab, Respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Ushbu natija nafaqat jamoaning mehnati va iste’dodining e’tirofi, balki universitetda madaniy-ma’rifiy faoliyatga berilayotgan e’tiborning yorqin namunasi bo‘ldi.
Mazkur muvaffaqiyat yoshlarning san’atga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, teatr san’ati orqali ijtimoiy muammolarni yoritish va talabalarning ijodiy salohiyatini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. FarDU teatr jamoasining Respublika bosqichidagi ishtiroki esa yanada yuqori natijalar sari yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.