
Farg‘ona davlat universitetida ilmiy salohiyatni yuksaltirish, fundamental va amaliy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash borasida izchil ishlar davom etmoqda. Ana shunday muhim ilmiy voqealardan biri sifatida tarix yo‘nalishida navbatdagi yirik dissertatsiya himoyasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Farg‘ona davlat universiteti huzuridagi ilmiy kengash asosida tashkil etilgan bir martalik ilmiy kengash yig‘ilishida Tarix fakulteti dekani, O‘zbekiston tarixi kafedrasi dotsenti Jurayev Xusniddin Pazliddinovich tomonidan tayyorlangan “XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Turkiston, Buxoro amirligi va Xiva xonligida agrar munosabatlar: qiyosiy tahlil” mavzusidagi dissertatsiya ishi muhokama qilindi.
Mazkur ilmiy ish 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi ixtisosligi bo‘yicha tarix fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan bo‘lib, unda Markaziy Osiyoning uch muhim hududi — Turkiston, Buxoro amirligi hamda Xiva xonligidagi agrar munosabatlar chuqur tarixiy tahlil asosida o‘rganilgan.
Tadqiqot davomida muallif agrar siyosat, yer egaligi tizimi, dehqonlar ahvoli va iqtisodiy munosabatlarning o‘ziga xos jihatlarini qiyosiy yondashuv asosida ochib bergan. Dissertatsiya ishining ilmiy yangiligi va amaliy ahamiyati ilmiy kengash a’zolari tomonidan yuqori baholandi.
Muhokama jarayonlari ochiq va konstruktiv ruhda o‘tkazilib, kengash a’zolari tomonidan berilgan savollarga asosli va mukammal javoblar taqdim etildi. Yakunda ilmiy kengash a’zolarining 100 foiz ovozi bilan dissertatsiya ishi muvaffaqiyatli himoya qilindi hamda talabgor tarix fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasiga munosib deb topildi.
Mazkur ilmiy yutuq nafaqat muallifning shaxsiy muvaffaqiyati, balki universitet ilmiy jamoasining samarali faoliyati natijasi sifatida ham e’tirof etiladi. Bu kabi izlanishlar milliy tariximizni chuqur o‘rganish, ilmiy merosni boyitish va kelajak avlod uchun mustahkam ilmiy asos yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.