

Joriy yilning 24–25–26 aprel kunlari Toshkent shahri yana bir nufuzli xalqaro sport anjumaniga mezbonlik qildi. Unda sportning “Ashihara karate” yo‘nalishi bo‘yicha Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi. Mazkur musobaqa qit’aning turli davlatlaridan kelgan kuchli sportchilarni bir maydonga jamlab, yuqori raqobat va murosasiz bahslar ostida o‘tdi.
Quvonarli jihati shundaki, ushbu nufuzli musobaqada O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida ishtirok etgan, Pedagogika, psixologiya va san’atshunoslik fakulteti talabasi Malikaxon Nasriddinova yuksak mahorat va qat’iyat namoyish etdi. U o‘zining puxta tayyorgarligi, irodasi va jangovar ruhini ko‘rsatib, faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Bu natija nafaqat sportchining shaxsiy yutug‘i, balki ta’lim muassasamiz va butun yurtimiz sporti uchun ham muhim muvaffaqiyatdir. Malikaxonning ushbu yutug‘i yoshlarimiz uchun ilhom manbai bo‘lib, ularni sport va sog‘lom turmush tarziga yanada faol jalb etishga xizmat qiladi.
Biz Malikaxon Nasriddinovani ushbu yorqin g‘alaba bilan samimiy muborakbod etamiz va kelgusidagi musobaqalarda undan yanada ulkan zafarlar kutib qolamiz!