


Turkiyaning Anqara shahrida “Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan Turkiya–O‘zbekiston munosabatlari” mavzusida yirik xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir ikki davlat o‘rtasidagi tarixiy, madaniy va ilmiy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim platformaga aylandi.
Anjuman Adalet ve Kalkınma Partisi, O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi hamda TURKSOY hamkorligida, Ankara Social Sciences University mezbonligida yuqori saviyada tashkil etildi. Unda siyosatchilar, olimlar, tadqiqotchilar va ekspertlar ishtirok etib, ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.


Mazkur nufuzli anjumanda Farg‘ona davlat universiteti professori Bahriddin Usmonov faol ishtirok etib, “Temuriylar Renessansining shakllanishida Amir Temurning o‘rni” mavzusida ilmiy ma’ruza qildi. U o‘z chiqishida Temuriylar davrining ilm-fan, madaniyat va ma’naviyat taraqqiyotidagi beqiyos o‘rnini chuqur tahlil qildi.
Professor Usmonov ma’ruzasida bugungi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, xususan “Uchinchi Renessans” g‘oyasining mazmun-mohiyati haqida to‘xtalib, ushbu jarayonda Temuriylar davri ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish va uni zamonaviy taraqqiyot bilan uyg‘unlashtirish muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi.


Anjuman davomida ishtirokchilar Amir Temur shaxsiyati va uning boy merosi nafaqat O‘zbekiston, balki butun turkiy dunyo sivilizatsiyasida muhim o‘rin tutishini qayd etdilar. Tadbir ilmiy fikr almashinuvi, yangi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash va tarixiy merosni keng targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Mazkur xalqaro anjuman O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi ilmiy-madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash, umumiy tarixiy ildizlar asosida yangi tashabbuslarni ilgari surishda muhim qadam bo‘ldi.