
Farg‘ona davlat universitetining Huquqshunoslik fakulteti yurisprudensiya yo‘nalishi talabalari tyutor M. Hamdamova tashabbusi bilan Burhoniddin Marg’iloniy majmuasiga ma’naviy-ma’rifiy tashrif uyushtirdilar. Mazkur sayohat talabalarning tarixiy merosga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ajdodlarimiz qoldirgan bebaho ilmiy-ma’naviy boyliklarni yaqindan anglash hamda milliy qadriyatlarimizga hurmat tuyg‘usini mustahkamlashga xizmat qildi.
Tashrif davomida talabalar buyuk faqih va alloma Burhoniddin al-Marg‘inoniyning boy ilmiy merosi, islom huquqi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi hamda uning asarlarining bugungi kundagi ahamiyati haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Ayniqsa, yurisprudensiya yo‘nalishida tahsil olayotgan yoshlar uchun bu maskanga tashrif nafaqat tarixiy sayohat, balki kasbiy bilimlarini ma’naviy jihatdan boyituvchi muhim tajriba bo‘ldi.

Majmua hududida o‘tkazilgan ekskursiya jarayonida talabalar qadimiy me’moriy obidalar, tarixiy muhit va milliy an’analar bilan yaqindan tanishib, xalqimizning boy madaniyati va qadriyatlarini chuqur his etdilar. Ular ajdodlarimizning ilm-fan, adolat va ma’rifat yo‘lida qoldirgan ulkan merosi bugungi yosh avlod tarbiyasida ham beqiyos ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.
Tashrifning eng esda qolarli jihatlaridan biri xorijlik turistlar bilan bo‘lgan samimiy uchrashuv bo‘ldi. Talabalar mehmonlar bilan ochiq muloqot o‘rnatib, ularga o‘zbek xalqining milliyligi va madaniyatini namoyish etdilar. Milliyligimiz timsoli bo‘lgan do‘ppi sovg‘a qilinishi esa uchrashuvga o‘zgacha ruh bag‘ishladi. Ushbu ramziy sovg‘a orqali yoshlar o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi, bag‘rikengligi va samimiyatini yana bir bor namoyon etdilar.
Xorijlik sayyohlar milliy liboslarimiz, urf-odatlarimiz va boy tarixiy merosimizga katta qiziqish bildirib, bu uchrashuv ularda iliq taassurot qoldirdi. Talabalar uchun esa mazkur muloqot milliy qadriyatlarimizni dunyoga tanitish, o‘z madaniyatimiz bilan faxrlanish va xalqaro do‘stlik rishtalarini mustahkamlash uchun muhim imkoniyat bo‘ldi.
Mazkur ma’naviy-ma’rifiy tashrif yoshlarning tarixiy xotirasini mustahkamlash, milliy o‘zlikni anglash hamda ma’naviy dunyoqarashini boyitishda muhim qadam bo‘ldi. Bunday tadbirlar talabalarning nafaqat kasbiy, balki ma’naviy kamolotida ham alohida o‘rin tutadi.