O‘zbekiston so‘z san’ati ustalari nomli yangi kitob-albom o‘zbek madaniyati, xalq og‘zaki ijodi va milliy so‘z san’ati ixlosmandlari uchun muhim ma’naviy voqea sifatida nashrdan chiqdi. Ushbu nashr Farg‘ona nashriyoti tomonidan tayyorlanib, keng kitobxonlar ommasiga taqdim etildi.
Mazkur kitob-albom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-iyuldagi “O‘zbek milliy askiya va qiziqchilik san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida nashr etilgan bo‘lib, milliy madaniyatimizni asrash va targ‘ib qilish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.

Nashr sahifalarida o‘zbek milliy askiya va qiziqchilik san’atining boy tarixi, shakllanish jarayonlari, rivojlanish bosqichlari hamda ushbu san’at yo‘nalishida nom qoldirgan ustoz san’atkorlarning hayoti va ijodiy faoliyati keng yoritilgan. Kitob nafaqat tarixiy manba, balki xalqimizning kulgu, hikmat va so‘z mahoratiga boy an’analarini aks ettiruvchi noyob madaniy meros sifatida ham ahamiyat kasb etadi.
Ayniqsa, mazkur loyiha ijodiy guruhining samarali mehnati natijasida kitob mazmunan boy, ilmiy asoslangan va badiiy jihatdan jozibador shaklda tayyorlangan. Ushbu jarayonda ijodiy guruh a’zosi, o‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Do‘smatov Hikmatillo Hayitboyevichning hissasi alohida e’tiborga loyiq. Uning ilmiy tajribasi va adabiyotshunoslik sohasidagi chuqur bilimlari nashrning yuksak saviyada yaratilishida muhim o‘rin tutdi.

“O‘zbekiston so‘z san’ati ustalari” kitob-albomi milliy askiya va qiziqchilik san’ati tarixini chuqur o‘rganish, yosh avlodga boy madaniy merosimizni yetkazish hamda xalq og‘zaki ijodining bebaho namunalarini keng targ‘ib qilishga xizmat qiladi. Ushbu nashr, shubhasiz, adabiyotshunoslar, tadqiqotchilar, talaba-yoshlar va milliy san’at ixlosmandlari uchun qimmatli manba bo‘lib xizmat qiladi.