
Farg'ona davlat universitetida Yoshlar kuni munosabati bilan tantanali bayram tadbiri tashkil etilib, unda ilm-fan, ma’naviyat va intellektual yo‘nalishlarda yuqori natijalarga erishgan talabalar taqdirlandi. Tadbirda universitet rektori Bahodirjon Shermuhammadov ishtirok etib, barcha yoshlarni ushbu qutlug‘ sana bilan samimiy tabrikladi.


Rektor o‘z nutqida bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar, ularning mazmun-mohiyati va yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida so‘z yuritdi. Ta’kidlanganidek, ilm-fan, sport, ijod va jamoat hayotida faol bo‘lgan yoshlar jamiyat taraqqiyotining eng katta kuchi bo‘lib, ularni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
Tadbir davomida turli tanlov va musobaqalarda muvaffaqiyat qozongan talabalar diplom, vaucher hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan rag‘batlantirildi. Xususan, tarixiy merosni chuqur o‘rganish va milliy qadriyatlarga hurmatni mustahkamlash maqsadida o‘tkazilgan “Amir Temur va temuriylar merosi insho tanlovi” g‘oliblari tantanali ravishda taqdirlandi. Ushbu tanlov yoshlarning buyuk ajdodlarimiz merosini chuqur anglashga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirdi.

Shuningdek, Temur tuzuklari asari asosida tashkil etilgan “Tafakkur intellektual bilimlar tanlovi” g‘oliblari ham alohida e’tirof etildi. Mazkur intellektual bellashuvda talabalar tarixiy asar mazmuni, davlat boshqaruvi, ma’naviyat va tafakkurga oid savollar orqali o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdilar.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra, Tarix fakulteti jamoasi faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Filologiya fakulteti jamoasi 2-o‘rinni egallagan bo‘lsa, Chet tillari fakulteti jamoasi 3-o‘ringa sazovor bo‘ldi. G‘olib jamoalar diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Bayram tadbiri yoshlarning bilimga chanqoqligi, tarixiy merosga hurmati va intellektual salohiyatini yana bir bor namoyon etdi. Farg'ona davlat universitetida o‘tkazilgan ushbu tadbir yoshlarni yangi yutuqlarga ruhlantirib, ularni Vatan ravnaqi yo‘lida faol va tashabbuskor bo‘lishga undovchi muhim ma’naviy platformaga aylandi.