
Farg‘ona davlat universitetida yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda Vatanga sadoqat va fidoyilik tuyg‘ularini mustahkamlash borasida tizimli ishlar izchil davom etmoqda. Bu yo‘nalish mamlakatimizda Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan bo‘lib, yosh avlodni har tomonlama barkamol etib tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
Ana shu ezgu maqsadlar yo‘lida samarali faoliyat yuritib kelayotgan fidoyi ustoz va rahbarlar mehnati davlatimiz tomonidan yuksak e’tirof etilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining tegishli buyrug‘iga asosan Shermuhammadov Bahodirjon Shermuhammadovich — Farg‘ona davlat universiteti rektori, professor “Yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi faol ishtiroki uchun” ko‘krak nishoni bilan mukofotlandi.
Mazkur yuksak mukofot universitet rahbarining yoshlarni vatanparvarlik, intizom, mas’uliyat va fidoyilik ruhida tarbiyalash yo‘lidagi ko‘p yillik samarali mehnatining e’tirofi bo‘ldi. Bu e’tirof nafaqat shaxsiy yutuq, balki Farg‘ona davlat universiteti jamoasi uchun ham katta faxr va g‘urur manbai hisoblanadi.
Universitetda harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishidagi tadbirlar, uchrashuvlar, ma’naviy-ma’rifiy loyihalar va amaliy mashg‘ulotlar yoshlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qilib kelmoqda. Bu jarayonda professor-o‘qituvchilar va rahbariyatning faolligi alohida ahamiyat kasb etadi.
Shermuhammadov Bahodirjon Shermuhammadovichning ushbu mukofoti universitet jamoasini yanada yuksak marralar sari ilhomlantirib, yoshlar tarbiyasi va vatanparvarlik g‘oyalarini keng targ‘ib etish borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishi shubhasiz.