
So‘x tumani madaniyat markazida Adabiyot va ma’naviyat ixlosmandlarini birlashtirgan unutilmas ijodiy kecha bo‘lib o‘tdi. Taniqli shoir, yozuvchi, olim, publitsist hamda Farg‘ona davlat universiteti professori Sidiq Mo‘minning 70 yillik yubileyiga bag‘ishlangan ushbu tadbir yurtimiz adabiy-ma’rifiy hayotida muhim voqea sifatida e’tirof etildi.

Mazkur ijodiy kecha nafaqat shoirning serqirra ijodini yod etish, balki uning milliy adabiyot, ilm-fan va ma’naviyat rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini e’tirof etish maydoniga aylandi. Ayniqsa, yubiley tadbirida Sidiq Mo‘minning shaxsan ishtirok etayotgani kechaga yanada ko‘tarinki ruh, samimiyat va fayz bag‘ishlab, tadbir qatnashchilariga unutilmas taassurotlar ulashdilar.
Tantanali marosimda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Farg‘ona viloyati bo‘limi vakillari ham faol ishtirok etib, shoirning ijodiy merosi, adabiyotdagi o‘rni hamda insoniy fazilatlari haqida samimiy fikr-mulohazalar bildirdilar. Ular Sidiq Mo‘minning she’riyati, ilmiy izlanishlari va publitsistik faoliyati nafaqat Farg‘ona vodiysi, balki butun o‘zbek adabiy jamoatchiligi uchun muhim ma’naviy boylik ekanini alohida ta’kidladilar.
Ijodiy kecha davomida shoirning asarlaridan namunalar o‘qildi, uning hayot yo‘li va ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan chiqishlar tinglandi. So‘zga chiqqanlar tomonidan So‘x tumanining boy ma’naviy muhiti, ijodkorlarga bo‘lgan e’tibori va yurtimiz adabiy merosini asrashdagi o‘rni alohida e’tirof etildi.

Shuningdek, Sidiq Mo‘minning 70 yillik yubileyiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlar aynan So‘x tumanidan boshlanayotgani katta ramziy ma’noga ega ekani qayd etildi. Bu esa shoirning vatani, uning ildizlari va ma’naviy kamolotida So‘x zaminining alohida o‘rni borligini yana bir bor namoyon etdi.
Mazkur tadbir “Farg‘ona farzandlari” va “Ehtirom” ruhida tashkil etilib, yurtimizning fidoyi ijodkorlariga bo‘lgan hurmat va e’tiborning yorqin ifodasi bo‘ldi. U nafaqat adabiyot ixlosmandlari, balki yosh avlod uchun ham ijod, ilm va ma’naviyatga sadoqatning yorqin namunasi sifatida katta ahamiyat kasb etdi.