Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 518
  • Ko`rib chiqilganlar 483
    • Takliflar 62
    • Arizalar 404
    • Shikoyatlar 52
  • Ko`rib chiqilmoqda 35

AKADEMIK ALMASHINUV

14:51, 19.05.2026      

Farg‘ona davlat universitetining Filologiya fakulteti rus tili va adabiyoti yo‘nalishi 2-bosqich talabalari xalqaro akademik hamkorlik doirasida navbatdagi muhim tashrifni amalga oshirdi. “Akademik almashinuv” dasturi asosida talabalar Qirg‘izistondagi O‘sh davlat universitetiga yetib borib, ta’lim va ilmiy tajriba almashish jarayonini boshladilar.

Mazkur tashrif ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, talabalar bilimini xalqaro tajriba bilan boyitish hamda ta’lim sifatini oshirishga xizmat qilmoqda. Akademik almashinuv dasturi yoshlarning xorijiy ta’lim muhiti bilan tanishishi, o‘quv jarayonidagi yangi metod va yondashuvlarni o‘rganishi uchun keng imkoniyat yaratmoqda.

Tashrif davomida talabalar O‘sh davlat universitetining o‘quv jarayoni, ta’lim infratuzilmasi va talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, universitetning rus tili kafedrasi professor-o‘qituvchilari bilan davra suhbati tashkil etilib, unda rus tili va adabiyotini o‘qitishning zamonaviy metodikasi, ilmiy izlanishlar va ta’lim sohasidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Davra suhbati doirasida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob olish bilan birga, ikki mamlakat ta’lim tizimidagi o‘xshash va farqli jihatlar haqida ham fikr almashdilar. Bunday muloqot ularga nafaqat nazariy bilim, balki xalqaro akademik tajriba va madaniy almashinuv imkoniyatini ham taqdim etdi.

Shu kunning o‘zidayoq belgilangan reja asosida dars mashg‘ulotlari boshlab yuborildi. Talabalar xorijiy oliygohdagi ta’lim jarayonida bevosita ishtirok etib, o‘z mutaxassisligi bo‘yicha amaliy bilimlarini mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

Mazkur akademik almashinuv dasturi Farg‘ona davlat universitetida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, talabalarni global ta’lim maydoniga olib chiqish hamda ularning kasbiy va ilmiy salohiyatini oshirish borasidagi muhim qadamlardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.