Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 518
  • Ko`rib chiqilganlar 483
    • Takliflar 62
    • Arizalar 404
    • Shikoyatlar 52
  • Ko`rib chiqilmoqda 35

BIR MAQSAD, BIR YURAK: TALABA-YOSHLAR “DO‘STLIK FESTIVALI”DA UCHRASHDI

16:16, 19.05.2026      

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida Toshkent shahri hamda respublikamizning turli hududlaridan tashrif buyurgan talaba-yoshlar ishtirokida “Do‘stlik festivali” ko‘tarinki ruhda va yuqori saviyada tashkil etildi.

Mazkur festival yoshlar o‘rtasida do‘stlik, hamjihatlik va millatlararo totuvlik g‘oyalarini mustahkamlash, ularning intellektual hamda ijodiy salohiyatini namoyon etishga qaratilgan yirik ma’naviy-ma’rifiy tadbir sifatida katta taassurot qoldirdi.
Mazkur festivalda Farg‘ona davlat universiteti (FarDU) talabalari o‘zining faol ishtiroki, tashabbuskorligi va yuqori kayfiyati bilan alohida ajralib turdi. Ular turli yo‘nalishlarda tashkil etilgan tadbirlarda nafaqat faol qatnashdi, balki o‘z bilim, iqtidor va jamoaviylik ko‘nikmalarini namoyon etib, festivalning eng faol ishtirokchilari safidan joy oldi.


Festivalning tantanali ochilish marosimida universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, yoshlar tashkilotlari vakillari hamda talaba-yoshlar qatnashdi. Tadbir davomida Yangi O‘zbekistonda yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar, ularning jamiyat hayotidagi o‘rni, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va faolligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar alohida ta’kidlandi. Yoshlar bugungi kunda mamlakat taraqqiyotining eng muhim harakatlantiruvchi kuchi ekanligi faxr bilan ta’kidlandi.

Festival dasturi mazmunan boy va rang-barang tadbirlarga boy bo‘ldi. “Vatanparvar yoshlar – Yagona O‘zbekiston kelajagi bunyodkorlari” mavzusidagi ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar yoshlarning dunyoqarashini kengaytirgan bo‘lsa, “Zakovat Quiz” intellektual o‘yinida talabalar o‘z bilim salohiyatini sinovdan o‘tkazdi. Aynan ushbu bahslarda FarDU talabalari o‘zlarining teran fikrlashi, tezkorligi va jamoaviy hamkorligi bilan ko‘pchilik e’tiborini tortdi.


Sport musobaqalari va ijodiy kechalarda ham FarDU yoshlari katta faollik ko‘rsatib, sog‘lom raqobat va do‘stona muhitni yanada mustahkamlashga munosib hissa qo‘shdi. “Biz bir oila farzandlarimiz” nomli konsert dasturida esa ular milliy qadriyatlar, san’at va madaniyatni targ‘ib etuvchi chiqishlari bilan tomoshabinlarning olqishiga sazovor bo‘ldi. Bu esa yoshlarning nafaqat ilm-fan, balki san’at va madaniyatga ham qiziqishi yuqori ekanini namoyon etdi.


Festival doirasida ishtirokchilar uchun Mo‘ynoq tumaniga sayohat ham uyushtirildi. Orolbo‘yi hududidagi bunyodkorlik ishlari, tarixiy va ekologik maskanlar bilan tanishuv yoshlar uchun unutilmas taassurotlar manbai bo‘ldi. Sayohat davomida FarDU talabalari faol muloqotda bo‘lib, boshqa oliy ta’lim muassasalari vakillari bilan samimiy do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamladi.

“Do‘stlik festivali” yoshlarni yagona maqsad va ezgu g‘oyalar atrofida birlashtirish, ular o‘rtasida samimiy do‘stlik muhitini yaratish hamda Yangi O‘zbekiston yoshlarining bilim, iqtidor va salohiyatini namoyon etishda muhim maydon bo‘ldi. Ayniqsa, FarDU talabalari o‘zining tashabbuskorligi, faolligi va intilishi bilan festival ruhiga o‘zgacha mazmun bag‘ishlab, yoshlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikning yorqin timsoliga aylandi.