
Farg‘ona davlat universiteti respublikamizning eng iqtidorli, shijoatli va sportsevar talaba-yoshlarini o‘z bag‘riga jamlamoqda. 2026-yil 20–25-may kunlari universitet mezbonligida oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasidagi “Talabalar ligasi” sport musobaqalarining Respublika final bosqichi bo‘lib o‘tmoqda.

Mazkur nufuzli sport tadbiri yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, sportga bo‘lgan qiziqishni oshirish, iqtidorli sportchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Final bosqichida respublikamizning 14 ta hududidan jami 900 nafarga yaqin talaba-sportchilar, murabbiylar va rasmiy vakillar ishtirok etmoqda. Musobaqalarda yurtimizning saralangan eng kuchli talaba-sportchilari g‘oliblik va bosh sovrin uchun o‘zaro kuch sinashmoqda.
Farg‘ona davlat universiteti mezbonligida sportning to‘rtta yo‘nalishi bo‘yicha final bahslari yuqori saviyada tashkil etilgan:
Futzal 5x5
Basketbol
Badminton
Stol tennisi
Musobaqalar universitetning zamonaviy sport infratuzilmasi hamda viloyatdagi ixtisoslashtirilgan sport majmualarida o‘tkazilmoqda. Har bir sport turida talaba-yoshlar o‘zlarining jismoniy tayyorgarligi, mahorati, matonati va g‘alabaga bo‘lgan qat’iyatini namoyon etmoqda.
Musobaqalarning tantanali va samimiy muhitda tashkil etilgani ishtirokchilarda katta taassurot qoldirmoqda. Talaba-sportchilar uchun qulay sharoitlar yaratilgani, madaniy-ma’rifiy dasturlar va yoshlar uchrashuvlari tashkil etilgani esa “Talabalar ligasi”ning nafaqat sport, balki do‘stlik va birdamlik maydoni ekanini yana bir bor namoyon etmoqda.
“Talabalar ligasi” Respublika final bosqichi yoshlarning sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda kelajakda professional sportchilar safini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Farg‘ona davlat universitetida sport bayrami davom etmoqda!