
Farg‘ona davlat universiteti mezbonligida o‘tkazilayotgan “Talabalar ligasi” respublika final bosqichi sport bayramiga aylanmoqda. Respublikamizning turli hududlaridan tashrif buyurgan yuzlab talaba-sportchilar ishtirokidagi musobaqalar bugundan boshlab universitet hamda viloyatdagi zamonaviy sport majmualarida qizg‘in ruhda start oldi.
Mazkur nufuzli sport tadbiri yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, sportga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirish hamda iqtidorli sportchilarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda. Musobaqalarda talaba-yoshlar nafaqat g‘alaba, balki do‘stlik, birdamlik va sport madaniyatini namoyon etishmoqda.

Universitet sport majmuasida badminton sport turi bo‘yicha talaba yigit-qizlar o‘rtasidagi bahslar yuqori kayfiyat va murosasiz kurashlarga boy tarzda davom etmoqda. Har bir uchrashuvda sportchilarning chaqqonligi, texnik mahorati va g‘alabaga bo‘lgan intilishi muxlislar e’tiborini tortmoqda.
Shu bilan birga, universitetning Pedagogika-psixologiya va san’atshunoslik fakulteti sport zalida basketbolning qizlar yo‘nalishi bo‘yicha respublika bosqichi uchrashuvlari tashkil etilmoqda. Jamoalar o‘rtasidagi keskin bahslar musobaqalarga alohida shukuh bag‘ishlamoqda.
Talabalar ligasining stol tennisi bo‘yicha qizlar va yigitlar o‘rtasidagi final uchrashuvlari esa Farg‘ona viloyati sportning o‘yin turlari va yengil atletika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sport maktabining “Kimyogar” sport majmuasida bo‘lib o‘tmoqda. Tezkorlik va yuqori mahorat talab qiladigan ushbu sport turi bo‘yicha ham bahslar murosasiz kechmoqda.
“Kimyogar” sport majmuasida basketbolning yigitlar yo‘nalishi bo‘yicha final bosqichi o‘yinlari ham tashkil etilib, jamoalar o‘zaro kuch sinashmoqda. Har bir uchrashuv sport muxlislariga unutilmas lahzalarni tuhfa etmoqda.
Shuningdek, futzal bo‘yicha yigitlar o‘rtasidagi final uchrashuvlari Farg‘ona futbol assotsiatsiyasi futzal sport zalida o‘tkazilmoqda. Dinamik va shiddatli o‘yinlar musobaqalarning eng tomoshabop bahslariga aylanmoqda.

Bahslar “Talabalar ligasi”ning nafaqat sport musobaqasi, balki yoshlarni birlashtiruvchi, ularning salohiyati va iqtidorini namoyon etuvchi yirik platformaga aylanganini yana bir bor namoyish etmoqda.
Farg‘ona davlat universiteti mezbonligidagi musobaqalar kelgusi kunlarda ham yanada qizg‘in va murosasiz ruhda davom etishi kutilmoqda.