

Termiz davlat universitetida “Oila mustahkamligi uchun barchamiz mas’ulmiz” shiori ostida “Yosh oilalarda ajrim: sabablar, miflar va real omillar” mavzusida respublika seminar-treningi tashkil etilmoqda.
Mazkur nufuzli tadbirda Respublika xotin-qizlar maslahat kengashi raislari, oliy ta’lim muassasalari vakillari hamda mutaxassislar qatorida Farg‘ona davlat universiteti rektor maslahatchisi M. Kamolova ham faol ishtirok etmoqda.
Seminar-trening yosh oilalarda sog‘lom ma’naviy-ruhiy muhitni shakllantirish, oilaviy qadriyatlarni asrab-avaylash, ajrimlarning oldini olish hamda yoshlarni mustahkam oila qurishga tayyorlash kabi dolzarb masalalarga bag‘ishlandi. Tadbir davomida oila institutining jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni, er-xotin o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va mas’uliyat, oilaviy nizolarning kelib chiqish sabablari hamda ularni bartaraf etish yo‘llari yuzasidan atroflicha fikr almashilmoqda.
Mutaxassislar tomonidan bugungi kunda yosh oilalarda uchrayotgan muammolar, ularning psixologik va ijtimoiy omillari, shuningdek, oilaviy munosabatlarga oid ayrim noto‘g‘ri qarash va stereotiplarning salbiy ta’siri haqida tahliliy ma’ruzalar taqdim etildi. Interaktiv seminar va treninglar esa ishtirokchilarning mavzu yuzasidan amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Tadbir davomida oila muqaddasligi, farzand tarbiyasidagi mas’uliyat, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash hamda jamiyatda sog‘lom oilaviy muhitni qaror toptirish borasidagi dolzarb vazifalar alohida ta’kidlanmoqda.
Bunday seminar-treninglar yosh oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash hamda jamiyatda totuv va farovon oilalar sonini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.