
Ezgulik, mehr-oqibat va sahovat timsoli bo‘lgan Qurbon hayiti munosabati bilan Farg‘ona davlat universiteti xodimlar kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan professor-o‘qituvchilar hamda xodimlar uchun ma’naviy-ma’rifiy sayohat tashkil etildi.
Sayohat doirasida universitet jamoasi Toshkent shahrida joylashgan zamonaviy ilmiy-ma’rifiy maskanlardan biri — Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Tashrif davomida ishtirokchilarga markazning bunyod etilish tarixi, uning asosiy maqsad va vazifalari, shuningdek, O‘zbekiston hududidan yetishib chiqqan buyuk allomalar, mutafakkirlar va ilm-fan namoyandalarining jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Professor-o‘qituvchilar va xodimlar markazdagi zamonaviy ekspozitsiyalar, noyob qo‘lyozmalar, tarixiy manbalar hamda raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan interaktiv ko‘rgazmalar bilan tanishib, yurtimizning boy ilmiy va madaniy merosi haqida yangi bilimlarga ega bo‘ldilar.
Mazkur sayohat nafaqat xodimlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, balki ularning ma’naviy dunyoqarashini boyitish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini mustahkamlashga ham xizmat qildi. Ishtirokchilar yurtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, tarixiy merosni asrash va targ‘ib etish borasidagi keng ko‘lamli sa’y-harakatlarni yuksak baholadilar.
Qurbon hayiti arafasida tashkil etilgan ushbu ma’naviy-ma’rifiy tashabbus universitet jamoasida hamjihatlik va birdamlik muhitini yanada mustahkamlash, professor-o‘qituvchi hamda xodimlarning madaniy hordiq chiqarishlari uchun qulay imkoniyat yaratishi bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Farg‘ona davlat universitetida xodimlarning ijtimoiy himoyasi, ma’naviy-ma’rifiy salohiyatini oshirish va mazmunli dam olishini ta’minlashga qaratilgan bunday tadbirlar kelgusida ham izchil davom ettiriladi.