Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 519
  • Ko`rib chiqilganlar 485
    • Takliflar 63
    • Arizalar 404
    • Shikoyatlar 52
  • Ko`rib chiqilmoqda 34

TALABALAR TURAR JOYIDA BAYRAMONA MUHIT YARATILDI

10:13, 01.06.2026      

Hayit bayrami munosabati bilan Fargʻona davlat universitetida tahsil olayotgan hamda talabalar turar joylarida istiqomat qilayotgan yoshlar holidan xabar olinib, ular uchun bayramona tadbirlar tashkil etildi.

Bayram kunlarida universitet rahbariyati, professor-oʻqituvchilar va masʼullar talabalar turar joylariga tashrif buyurib, talabalarning yashash sharoitlari, kayfiyati va ehtiyojlari bilan yaqindan tanishdilar. Ayniqsa, uzoq hududlardan kelib tahsil olayotgan hamda bayramni oila aʼzolaridan uzoqda qarshi olayotgan talabalar eʼtibor markazida boʻldi.

Tadbir doirasida Filologiya, Chet tillari, Sport faoliyati va boshqa fakultetlar talabalariga bagʻishlab bayram dasturxonlari yozildi. Samimiy suhbatlar, ezgu tilaklar va bayramona muhit yoshlarning kayfiyatini yanada koʻtardi. Talabalar uchun tayyorlangan dasturxonlarda milliy taomlar va turli shirinliklar tortilib, Hayitning mehr-oqibat va saxovat ruhini aks ettiruvchi muhit yaratildi.

Uchrashuvlar davomida talabalar bilan ochiq muloqotlar oʻtkazilib, ularning oʻquv jarayoni, boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish hamda turar joylardagi sharoitlar yuzasidan fikr-mulohazalari tinglandi. Yoshlar universitet jamoasining bunday eʼtibori va gʻamxoʻrligidan mamnun ekanliklarini bildirib, bayramni koʻtarinki ruhda oʻtkazayotganliklarini taʼkidladilar.

Hayit bayrami munosabati bilan tashkil etilgan ushbu tadbirlar universitetda hukm surayotgan ahillik, mehr-oqibat va insonparvarlik muhitining yana bir yorqin namunasiga aylandi. Bunday ezgu tashabbuslar talabalarning maʼnaviy-ruhiy kayfiyatini yuksaltirish, ularni bir jamoa sifatida yanada jipslashtirish hamda yoshlarga eʼtibor va gʻamxoʻrlikni kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

Fargʻona davlat universitetida talabalar uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar, ularning ijtimoiy himoyasi va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlanishiga qaratilayotgan eʼtibor kelgusida ham izchil davom ettiriladi. Hayit bayrami munosabati bilan oʻtkazilgan ushbu samimiy uchrashuvlar esa talabalar xotirasida unutilmas taassurot qoldirdi.