
Tojikiston Respublikasi Prezidenti kubogi uchun oʻtkazilgan xalqaro stol tennisi turniri Oʻzbekiston terma jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi. Musobaqada yurtimiz sharafini himoya qilgan sportchilar yuqori mahorat, kuchli iroda va gʻalabaga boʻlgan intilishlarini namoyish etib, sovrindorlar qatoridan joy oldilar.
Nufuzli xalqaro turnirda dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan kuchli sportchilar oʻzaro bahs olib bordi. Shiddatli va murosasiz uchrashuvlarda Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolari munosib ishtirok etib, mamlakatimiz stol tennisi maktabining salohiyatini yana bir bor namoyon etdilar.

Musobaqa davomida yuqori saviyadagi oʻyinlari bilan ajralib turgan Oʻzbekiston qizlar terma jamoasi final bosqichiga qadar muvaffaqiyatli yetib bordi. Yakunda jamoa faxrli 2-oʻrinni egallab, kumush medallar hamda 2 500 AQSH dollari miqdoridagi mukofotga sazovor boʻldi.
Yigitlar terma jamoasi ham turnir davomida kuchli raqiblarga qarshi munosib kurash olib bordi. Murosasiz bahslar natijasida sportchilarimiz 3-oʻrinni egallab, bronza medallar va 2 000 AQSH dollari mukofotini qoʻlga kiritdilar.
Terma jamoaning muvaffaqiyatli ishtirokida murabbiylar shtabining hissasi ham alohida eʼtirof etildi. Sportchilarni xalqaro musobaqaga puxta tayyorlagani, ularning mahoratini oshirish va natijadorligini taʼminlashdagi xizmatlari uchun terma jamoa murabbiyi 1 000 AQSH dollari miqdoridagi maxsus mukofot bilan taqdirlandi.
Ushbu muvaffaqiyatda terma jamoa aʼzosi, Fargʻona davlat universiteti Jismoniy madaniyat fakulteti 2-bosqich 24.43-guruh talabasi Qodirova Shoiraxonning ham munosib hissasi bor. Universitet jamoasi nomidan sportchimizni xalqaro maydondagi yutugʻi bilan samimiy tabriklaymiz va kelgusidagi faoliyatida yanada katta muvaffaqiyatlar tilaymiz.
Tojikiston Respublikasida boʻlib oʻtgan ushbu xalqaro turnirdagi natijalar Oʻzbekistonda stol tennisining izchil rivojlanib borayotganini, sportchilarimizning xalqaro arenadagi raqobatbardoshligi tobora ortib borayotganini yana bir bor tasdiqladi.
Ishonamizki, terma jamoamiz aʼzolari oldinda turgan musobaqalarda ham yurtimiz bayrogʻini baland koʻtarib, yangi gʻalabalar va yuksak natijalar bilan muxlislarni xursand etishda davom etadilar.