
Farg‘ona davlat universiteti Harbiy ta’lim fakultetining 2-bosqich talabalari o‘quv yig‘ini mashg‘ulotlarida faol ishtirok etib, nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalar bilan mustahkamlashmoqda. Mazkur yig‘inlar yoshlarning harbiy kasbga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularda mas’uliyat, intizom va Vatanga sadoqat tuyg‘ularini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.


Mashg‘ulotlar davomida talabalar saf tayyorgarligi, jangovar va taktik harakatlar, qurol-aslahalardan foydalanish qoidalari, harbiy topografiya hamda favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarda qatnashmoqda. Tajribali harbiy mutaxassislar rahbarligida olib borilayotgan darslar yoshlarning jismoniy va ma’naviy tayyorgarligini yuksaltirishga qaratilgan.
O‘quv yig‘ini talabalarga nafaqat harbiy bilim va ko‘nikmalarni egallash, balki jamoada ishlash, tezkor va to‘g‘ri qaror qabul qilish, murakkab vaziyatlarda mas’uliyatni o‘z zimmasiga olish kabi muhim fazilatlarni shakllantirish imkonini bermoqda.
Bugungi kunda yurt tinchligi va xavfsizligini ta’minlashda yoshlarning harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalanishi muhim ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda, Farg‘ona davlat universiteti Harbiy ta’lim fakulteti talabalari o‘quv yig‘inlarida faol qatnashib, kelajakda Vatan ravnaqi va himoyasi yo‘lida munosib xizmat qilishga puxta tayyorgarlik ko‘rmoqdalar.
O‘quv yig‘ini mashg‘ulotlari yuqori ruh, qat’iyat va mas’uliyat bilan davom etmoqda. Talabalarning bilim va mahoratini oshirishga qaratilgan bunday amaliy tadbirlar ularning harbiy tayyorgarligini yangi bosqichga olib chiqishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.