
Yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish, mantiqiy fikrlash va tezkor qaror qabul qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan “Intellektual haftalik” doirasida o‘tkazilgan Breyn-ring musobaqasi o‘z yakuniga yetdi. Murosasiz va qiziqarli bahslarga boy kechgan turnirda mamlakatning turli oliy ta’lim muassasalaridan tashrif buyurgan bilimdon talabalar o‘zaro kuch sinashdilar.
Musobaqa davomida ishtirokchilar tarix, adabiyot, fan, texnologiya, sport va madaniyatga oid murakkab savollarga javob berib, o‘zlarining bilim darajasi, tezkor tafakkuri hamda jamoaviy hamkorlikdagi mahoratini namoyon etdilar. Har bir bosqich keskin raqobat va yuqori intellektual muhitda kechdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra:
1-o‘rin — Urganch davlat universiteti jamoasiga;
2-o‘rin — Farg‘ona davlat universiteti jamoasiga;
3-o‘rin — Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti jamoasiga nasib etdi.
Farg‘ona davlat universiteti jamoasi musobaqa davomida o‘zining puxta tayyorgarligi, keng dunyoqarashi va jamoaviy hamjihatligini namoyish etib, faxrli ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Talabalarning ushbu muvaffaqiyati universitetda intellektual muhitni rivojlantirish, yoshlarni bilim olishga rag‘batlantirish hamda ularning iqtidorlarini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning amaliy natijasi sifatida e’tirof etildi.
Ta’kidlash joizki, bunday intellektual musobaqalar yoshlarning bilimga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, ularda tanqidiy va analitik fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirish, shuningdek, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.