

Qo‘qon universitetida O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Do’stlik” ordeni sohibi, taniqli shoir, tilshunos olim, filologiya fanlari doktori, Farg‘ona davlat universiteti professori Siddiq Mo‘min tavalludining 70 yilligiga bag‘ishlangan “Ilm va ijodga baxshida umr” mavzusidagi ilmiy-ma’rifiy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir mamlakatimiz ilm-fani, adabiyoti va ma’naviy hayotiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan ustoz olimning sermazmun hayot yo‘li, ilmiy merosi va ijodiy faoliyatini keng jamoatchilikka yana bir bor tanitish maqsadida tashkil etildi.

Tantanali anjumanda professorning yaqin do‘stlari, oila a’zolari, shogirdlari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, Qo‘qon universiteti professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar, Qo‘qon shahar hokimligi vakillari hamda ilm-fan va adabiyot ixlosmandlari ishtirok etdilar.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar Siddiq Mo‘minning o‘zbek tilshunosligi rivojiga qo‘shgan ilmiy hissasi, ko‘p yillik samarali pedagogik faoliyati, yuzlab shogirdlarni tarbiyalashdagi xizmatlari hamda adabiyot va ma’naviyat ravnaqiga qo‘shgan ulkan hissasini alohida e’tirof etdilar. Ustoz olimning ilmiy izlanishlari, yaratgan asarlari va yosh avlod tarbiyasidagi o‘rni haqida iliq xotiralar va samimiy fikrlar bildirildi.
Anjuman professor Siddiq Mo‘minning nafaqat yetuk olim va ijodkor, balki yuksak insoniy fazilatlar sohibi, kamtarin va fidoyi ustoz sifatidagi qiyofasini yana bir bor namoyon etdi. U kishining ilm va ijodga baxshida etilgan umr yo‘li bugungi yoshlar uchun ibrat maktabi ekani ta’kidlandi.

Tadbirning badiiy qismi ham ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Xususan, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Yahyobek Mo‘minov tomonidan ijro etilgan dilbar qo‘shiqlar yubiley tantanasiga o‘zgacha fayz bag‘ishladi. Musiqiy chiqishlar yig‘ilganlar tomonidan katta olqishlar bilan kutib olinib, bayramona kayfiyatni yanada yuksaltirdi.
Ilmiy-ma’rifiy anjuman davomida professor Siddiq Mo‘minning boy ilmiy merosini o‘rganish, uni yosh avlodga yetkazish va ustozning ilmiy maktabini davom ettirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.