

Farg‘ona davlat universitetida Jismoniy madaniyat va sport ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 2025–2026 o‘quv yili bitiruvchi kurs (3-bosqich) talabalari uchun tashkil etilgan Davlat Attestatsiya Komissiyasi (DAK) imtihonlari muvaffaqiyatli yakunlandi.
Imtihonlar davomida bitiruvchi talabalar o‘quv jarayonida egallagan nazariy bilimlari, amaliy ko‘nikmalari hamda kasbiy kompetensiyalarini namoyish etdilar. Xususan, jismoniy tarbiya va sport nazariyasi, sport psixologiyasi, sport pedagogikasi, jismoniy tayyorgarlik metodikasi va kelgusidagi kasbiy faoliyatga oid dolzarb savollar bo‘yicha o‘z bilim va salohiyatlarini sinovdan o‘tkazdilar.
Davlat attestatsiya komissiyasi a’zolari tomonidan talabalarning javoblari xolisona va adolatli baholanib, ularning kasbiy tayyorgarligi, mustaqil fikrlashi hamda amaliy tajribaga ega ekanligi alohida e’tirof etildi. Imtihonlar belgilangan tartib va mezonlar asosida yuqori tashkiliy saviyada o‘tkazildi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, bitiruvchilarning aksariyati fanlarni puxta o‘zlashtirganliklarini namoyon etib, “a’lo” va “yaxshi” baholarga sazovor bo‘ldilar. Bu esa talabalarning ta’lim jarayonidagi izchil mehnati, professor-o‘qituvchilarning samarali faoliyati hamda universitetda yaratilgan zamonaviy ta’lim muhitining amaliy natijasidir.
DAK imtihonlarining muvaffaqiyatli yakunlanishi bitiruvchilarning mustaqil kasbiy faoliyatga tayyor ekanligini, ular jismoniy tarbiya va sport sohasida malakali mutaxassis sifatida faoliyat yuritishlari uchun zarur bilim va ko‘nikmalarga ega ekanliklarini yana bir bor tasdiqladi.