
“Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi” sport musobaqalarining Respublika final bosqichida futbol bahslari qizg‘in va murosasiz ruhda davom etmoqda. Mazkur musobaqada ishtirok etayotgan Farg‘ona davlat universiteti terma jamoasi navbatdagi uchrashuvda ham yorqin o‘yin namoyish etib, yirik hisobdagi g‘alabani qo‘lga kiritdi.
Musobaqaning navbatdagi turida FarDU futbolchilari Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti jamoasiga qarshi maydonga tushdi. Uchrashuv davomida tashabbusni o‘z qo‘liga olgan jamoamiz hujumkor va mazmunli o‘yin namoyish etib, raqib darvozasiga ketma-ket gollar urdi.
Yakuniy hisobda Farg‘ona davlat universiteti terma jamoasi raqibini 6:1 hisobida mag‘lub etib, musobaqadagi navbatdagi muhim g‘alabasini tantana qildi.
Ushbu uchrashuvda futbolchilarimizning jismoniy tayyorgarligi, taktik saviyasi va jamoaviy hamjihatligi yaqqol namoyon bo‘ldi. Har bir o‘yinchi maydonda yuqori mas’uliyat bilan harakat qilib, jamoa muvaffaqiyatiga munosib hissa qo‘shdi.