

Turizm va menejment kafedrasida “Mehmonxona xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish” ta’lim yo‘nalishi bitiruvchi talabalari tomonidan tayyorlangan Bitiruv malakaviy ishlari (BMI) himoyasi yuqori saviyada tashkil etildi.
Himoya jarayonida talabalar o‘zlarining ilmiy-tadqiqot ishlari natijalari, sohaga oid dolzarb masalalar yuzasidan olib borgan tahlillari hamda amaliy ahamiyatga ega taklif va tavsiyalarini taqdim etdilar. Har bir bitiruvchi o‘z mavzusi bo‘yicha erishilgan natijalarni asoslab berib, yakuniy attestatsiya komissiyasi a’zolarining savollariga batafsil javob qaytardi.
Taqdim etilgan ishlarda mehmonxona xo‘jaligini samarali tashkil etish, xizmatlar sifatini oshirish, zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish hamda turizm industriyasining bugungi rivojlanish tendensiyalariga oid muhim masalalar qamrab olindi. Bu esa talabalar tomonidan nazariy bilimlarning amaliyot bilan uyg‘unlashtirilganligini yaqqol namoyon etdi.
Himoya yakunlari bo‘yicha komissiya a’zolari bitiruvchilarning kasbiy tayyorgarligi, tahliliy fikrlashi va mustaqil izlanish olib borish ko‘nikmalarini munosib baholab, ularning kelgusidagi ilmiy va professional faoliyatlari uchun zarur tavsiyalar berdilar.