
Farg‘ona davlat universiteti Filologiya fakultetida talaba-yoshlarning siyosiy bilimlarini mustahkamlash, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish hamda Prezidentimiz asarlarida ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslarni keng targ‘ib etish maqsadida “Prezident asarlari bilimdoni” tanlovining fakultet bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tanlov yoshlarning mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar mohiyatini chuqur anglashlari, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi, ma’naviy-ma’rifiy yuksalish, yoshlar siyosati va jamiyat rivojiga oid qarashlar yuzasidan bilimlarini oshirishga xizmat qildi.

Tanlov davomida ishtirokchilar Prezidentimiz asarlarida bayon etilgan muhim g‘oyalar, davlat va jamiyat taraqqiyoti, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, milliy qadriyatlar va ma’naviy kamolot masalalariga oid savollarga javob berib, o‘z bilim va tafakkur salohiyatlarini namoyon etdilar.
Bellashuv qizg‘in va murosasiz ruhda kechdi. Ishtirokchilar nafaqat nazariy bilimlari, balki tahliliy fikrlash, mantiqiy mushohada yuritish va o‘z nuqtayi nazarini asoslab bera olish qobiliyatlari bilan ham ajralib turdilar.
Hakamlar hay’ati tomonidan yakuniy natijalar sarhisob qilingach, quyidagi talabalar sovrinli o‘rinlarni egalladilar:
1-o‘rin — Abdulahadova Hilola Farhodjon qizi, Ona tili va adabiyoti (rus tili) yo‘nalishi, 1-kurs, 25.111-guruh talabasi;
2-o‘rin — Kamoldinova Gulsanam Dilmurod qizi, Ona tili va adabiyoti (rus tili) yo‘nalishi, 1-kurs, 25.109-guruh talabasi;
3-o‘rin — Murodova Dilnuraxon Sarvarjon qizi, Filologiya va tillarni o‘qitish: rus tili yo‘nalishi talabasi.
G‘olib va faol ishtirokchilar fakultet rahbariyati tomonidan munosib e’tirof etildi. Tanlov yoshlarning kitob mutolaasiga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, siyosiy-huquqiy bilimlarini mustahkamlash hamda yurt taraqqiyotiga daxldorlik tuyg‘usini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yosh avlodning intellektual salohiyatini rivojlantirish, ularni Vatanga sadoqat va yuksak ma’naviyat ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda.