

Farg‘ona davlat universitetida yakuniy attestatsiya va nazoratlar adolat tamoyillari asosida tashkil etilmoqda
Farg‘ona davlat universitetida ta’lim sifati, akademik halollik hamda baholash jarayonlarining shaffofligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayni kunlarda universitetda Yakuniy davlat attestatsiyasi va yakuniy nazoratlar ochiqlik, xolislik hamda adolatlilik tamoyillari asosida yuqori saviyada tashkil etilib, barcha jarayonlar belgilangan tartib va me’yorlar asosida amalga oshirilmoqda.

Universitetda talabalarning bilim va ko‘nikmalarini obyektiv baholash, inson omilini minimallashtirish hamda akademik halollik muhitini mustahkamlash maqsadida zamonaviy texnologiyalar va nazorat mexanizmlaridan samarali foydalanilmoqda.
Yakuniy davlat attestatsiyasi jarayonlari zamonaviy texnik vositalar bilan jihozlangan auditoriyalarda o‘tkazilmoqda. Bu esa imtihonlarning tartibli va shaffof tashkil etilishini ta’minlash bilan birga, talabalar uchun qulay va teng imkoniyatlar yaratmoqda.

Test sinovlari universitetning Axborot-resurs markazida tashkil etilib, jarayonlarning aniq va xolis o‘tishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Talabalar bilimini baholashning ushbu shakli natijalarning haqqoniyligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shuningdek, yozma yakuniy nazorat ishlari video kuzatuv tizimlari bilan to‘liq jihozlangan maxsus pavilyonlarda o‘tkazilmoqda. Mazkur amaliyot imtihon jarayonlarini doimiy monitoring qilish, ochiqlikni ta’minlash va har qanday subyektiv holatlarning oldini olishga xizmat qilmoqda.
Universitet rahbariyati tomonidan barcha talabalar uchun teng va adolatli sharoitlar yaratish, baholash mezonlariga qat’iy rioya etish hamda korrupsiyaviy omillarning oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Imtihon jarayonlarining ochiq va shaffof tashkil etilishi talabalarning o‘z bilimlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, ularni mustaqil fikrlash va mas’uliyat bilan yondashishga undash bilan birga, ta’lim sifatini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda Farg‘ona davlat universitetida ta’lim jarayonlarini raqamlashtirish, baholash tizimini takomillashtirish va akademik halollik tamoyillarini keng joriy etish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda. Yakuniy davlat attestatsiyasi va nazoratlarni zamonaviy talablar asosida tashkil etish esa ushbu sa’y-harakatlarning amaliy natijasi sifatida e’tirof etilmoqda.
Ochiqlik va shaffoflikka asoslangan baholash tizimi nafaqat talabalar bilimini xolis aniqlash, balki jamiyat va ish beruvchilar ishonchini mustahkamlash, raqobatbardosh va malakali kadrlarni tayyorlashda ham muhim omil hisoblanadi.
Farg‘ona davlat universitetida adolat, shaffoflik va sifat ustuvor tamoyil bo‘lib qolmoqda. Chunki sifatli ta’lim — Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevoridir.