
Farg‘ona davlat universitetida ilm-fan va tadqiqotchilik faoliyatini rivojlantirish borasida erishilayotgan yutuqlar qatoriga navbatdagi muhim natija qo‘shildi. Universitet mustaqil izlanuvchisi Mamadjanov Alisher Muratovichning “Milliy xavfsizlik kontekstida axborot xavfsizligi muammosini o‘rganish” mavzusidagi dissertatsiya ishi muvaffaqiyatli himoya qilinib, ilmiy jamoatchilik tomonidan yuksak baholandi.
Bugungi raqamli transformatsiya va globallashuv sharoitida axborot xavfsizligini ta’minlash masalasi har bir davlatning milliy xavfsizlik tizimidagi ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Shu jihatdan, tadqiqotda milliy xavfsizlik va axborot makoni o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik, zamonaviy tahdidlarning falsafiy-ijtimoiy mohiyati hamda axborot xavfsizligini mustahkamlashning nazariy va amaliy asoslari chuqur tahlil qilingan.
Mazkur ilmiy ish nafaqat ijtimoiy-falsafiy nuqtayi nazardan, balki bugungi kunning dolzarb ehtiyojlari bilan hamohangligi bilan ham ahamiyat kasb etadi.
Dissertatsiya himoyasi Namangan davlat universiteti huzuridagi falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy daraja beruvchi PhD.03/2025.27.12.F.22.01 raqamli Ilmiy kengashning 2026-yil 10-iyun kuni bo‘lib o‘tgan majlisida tashkil etildi.
Himoya jarayonida izlanuvchi tomonidan olib borilgan ilmiy izlanishlar, tadqiqot natijalari, nazariy xulosalar va amaliy tavsiyalar Ilmiy kengash a’zolari tomonidan atroflicha muhokama qilindi. Dissertatsiyaning ilmiy yangiligi, dolzarbligi va amaliy ahamiyati yuqori baholanib, kengash a’zolarining 100 foiz ovozi bilan muvaffaqiyatli himoya qilinganligi e’tirof etildi.
Mazkur muvaffaqiyat Farg‘ona davlat universitetida ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, yosh olimlar va izlanuvchilar uchun zarur sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlarning amaliy samarasidir.
Universitetda ilmiy maktablarni rivojlantirish, zamonaviy va dolzarb mavzularda tadqiqotlar olib borishni rag‘batlantirish hamda ilmiy darajali kadrlar safini kengaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlar bugungi kunda o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda.