
Farg‘ona davlat universitetida ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish, ilmiy salohiyatni yuksaltirish hamda yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar o‘z samarasini bermoqda. Navbatdagi muhim ilmiy yutuq sifatida universitetning Pedagogika-psixologiya va san’atshunoslik fakulteti tasviriy san’at kafedrasi katta o‘qituvchisi A’zamjon A’zamjonovich A’zamjonov falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun yozgan dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.
Joriy yilning 10-iyun kuni Farg‘ona davlat universiteti huzuridagi PhD.03/2025.27.12.F.10.02 raqamli Ilmiy kengash yig‘ilishida tadqiqotchining 09.00.04 – “Ijtimoiy falsafa” ixtisosligi bo‘yicha tayyorlagan “Yangi O‘zbekistonda ma’rifatli jamiyat qurishda tasviriy va amaliy san’atning o‘rni: ijtimoiy-falsafiy tahlili” mavzusidagi dissertatsiyasi ko‘rib chiqildi.
Ilmiy ishda Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida ma’rifatli jamiyat barpo etish jarayonlarida tasviriy va amaliy san’atning o‘rni, uning yoshlar ma’naviyati, estetik dunyoqarashi va fuqarolik madaniyatini shakllantirishdagi ahamiyati ijtimoiy-falsafiy nuqtayi nazardan chuqur tahlil qilingan. Shuningdek, milliy madaniy merosni asrab-avaylash, san’at orqali ma’naviy qadriyatlarni targ‘ib etish hamda jamiyat taraqqiyotida san’atning ta’sir mexanizmlariga oid ilmiy xulosalar va amaliy tavsiyalar ilgari surilgan.
Dissertatsiya himoyasi davomida Ilmiy kengash a’zolari tomonidan tadqiqotning dolzarbligi, nazariy va amaliy ahamiyati, ilmiy yangiligi hamda olingan natijalar yuqori baholandi. Ochiq va konstruktiv muhokamalar ruhida o‘tgan himoya yakunida kengash a’zolari tomonidan dissertatsiya bir ovozdan ma’qullanib, tadqiqotchining ilmiy darajaga loyiq ekani e’tirof etildi.
E’tiborlisi, ovoz berish natijalariga ko‘ra A’zamjon A’zamjonovich A’zamjonovning dissertatsiyasi Ilmiy kengash a’zolarining 100 foiz ovozi bilan qo‘llab-quvvatlandi. Bu esa olib borilgan tadqiqotning ilmiy salohiyati va amaliy ahamiyati yuksak darajada e’tirof etilganidan dalolat beradi.