
Xalqaro akkreditatsiya jarayonida zamonaviy ta’lim infratuzilmasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Farg‘ona davlat universitetida ta’lim sifatini xalqaro standartlar asosida baholash va takomillashtirishga qaratilgan xalqaro akkreditatsiya jarayonlari izchil davom etmoqda. Mazkur jarayonlar doirasida Germaniyaning nufuzli akkreditatsiya agentligi — ASIIN ekspertlari universitetning fizika-matematika fakultetida faoliyat yuritayotgan robototexnika laboratoriyalari hamda zamonaviy o‘quv xonalari bilan yaqindan tanishdilar.
Tashrif davomida ekspertlarga laboratoriyalarda yaratilgan ta’lim muhiti, amaliy mashg‘ulotlar uchun mavjud texnik imkoniyatlar va talabalarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirishga xizmat qilayotgan innovatsion loyihalar haqida batafsil ma’lumot berildi. Xususan, robototexnika, avtomatlashtirish, elektronika, dasturlash va muhandislik yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar namoyish etildi.
Ekspertlar laboratoriyalarda o‘rnatilgan o‘quv-uslubiy qurilmalar, dasturlashtiriladigan robot tizimlari, elektron modellar hamda ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borish uchun mo‘ljallangan jihozlar bilan tanishar ekan, ularning ta’lim jarayonidagi ahamiyatiga yuqori baho berdilar. Shuningdek, talabalar tomonidan ishlab chiqilgan amaliy loyihalar va innovatsion ishlanmalar ham ekspertlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Taqdimotlar jarayonida universitetda nazariy bilimlarni amaliy tajriba bilan uzviy bog‘lash, talabalarni texnik ijodkorlik va muhandislik tafakkuriga yo‘naltirish, shuningdek, zamonaviy ishlab chiqarish va texnologik jarayonlar talablariga mos mutaxassislar tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Qayd etilishicha, robototexnika laboratoriyalari nafaqat talabalarning amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash, balki ularning ilmiy-tadqiqot faoliyati, startap tashabbuslari va innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashda ham muhim platforma vazifasini o‘tamoqda. Bu esa universitetning xalqaro ta’lim standartlariga mos ravishda raqobatbardosh kadrlar tayyorlash borasidagi sa’y-harakatlarini yaqqol namoyon etadi.
Mazkur tashrif xalqaro akkreditatsiya jarayonining muhim bosqichlaridan biri bo‘lib, unda universitetning moddiy-texnik bazasi, ta’lim sifati va amaliy tayyorgarlik darajasi xalqaro ekspertlar tomonidan baholandi. Bu esa kelgusida universitetning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirish, ta’lim dasturlarini takomillashtirish hamda talabalar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.