
Farg‘ona davlat universitetining xalqaro hamkorlik aloqalari izchil kengayib bormoqda. Universitetning Ingliz tili va adabiyoti fakulteti professor-o‘qituvchilari kasbiy malaka oshirish hamda akademik tajriba almashish dasturi doirasida Malayziyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri — Universiti Sains Malaysia universitetiga tashrif buyurdilar.
Dunyoning eng nufuzli oliy ta’lim muassasalari reytinglarida TOP-300 talikdan munosib o‘rin egallab kelayotgan ushbu universitet ilmiy tadqiqotlar, innovatsion ishlanmalar va xalqaro hamkorlik borasidagi yutuqlari bilan keng tanilgan. Mazkur tashrif Farg‘ona davlat universiteti professor-o‘qituvchilarining xalqaro akademik tajribalarni o‘rganishi, zamonaviy ta’lim texnologiyalari bilan yaqindan tanishishi hamda ilmiy hamkorlik istiqbollarini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Tashrifning birinchi kunida delegatsiya a’zolari universitetning asosiy kampusi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Xususan, universitet kutubxonasi, muzeyi hamda nashriyot markazida bo‘lib, ushbu bo‘linmalarning ta’lim va ilm-fan rivojidagi o‘rni haqida batafsil ma’lumot oldilar. Zamonaviy axborot-resurs markazlari, elektron ma’lumotlar bazalari va ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari professor-o‘qituvchilarda katta taassurot qoldirdi.
Shuningdek, delegatsiya vakillariga universitetning ilmiy va axborot resurslari, akademik infratuzilmasi, xalqaro hamkorlik dasturlari hamda ilmiy nashrlar tizimi haqida taqdimotlar o‘tkazildi. Uchrashuvlar davomida ilmiy maqolalarni xalqaro reytingdagi jurnallarda chop etish, qo‘shma tadqiqot loyihalarini amalga oshirish va professor-o‘qituvchilar hamda talabalar almashinuvini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur tashrif Farg‘ona davlat universitetining xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamlash, ta’lim sifati va ilmiy salohiyatini oshirish, shuningdek, xorijiy hamkorlar bilan uzoq muddatli akademik aloqalarni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.
Kelgusida ushbu hamkorlik doirasida qo‘shma ilmiy loyihalar, akademik almashinuv dasturlari va innovatsion ta’lim tashabbuslarini amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, bu ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi aloqalarning yangi bosqichga ko‘tarilishiga xizmat qiladi.